Agentlik bosh direktori telekanallarga serial ishlab chiqarishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshirish vakolatiga ega emas - Kinematografiya agentligi

Agentlik bosh direktori telekanallarga serial ishlab chiqarishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshirish vakolatiga ega emas - Kinematografiya agentligi

Kinematografiya agentligi Kun.uz saytida e’lon qilingan “Sabriya” mashmashasi: Serialdagi behayo sahna mavzusi Firdavs Abduxoliqov shaxsiga ulanib ketdi” maqolasi yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:

Birinchidan:
So‘nggi paytlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan «Sabriya» teleseriali Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olinmagan va davlat mablag‘lari yuqoridagi serialga yo‘naltirilmagan. Mazkur serialning Kinematografiya agentligiga aloqasi yo‘q. Ushbu seriallar xususiy studiyalar tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqarilgan va Kinematografiya agentligi Badiiy kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmagan. Agentlik Badiiy kengashi davlat buyurtmasiga binoan suratga olingan mahsulotlarni hamda kinoteatrlarda namoyish uchun ruxsat so‘rab murojaat qilingan filmlarnigina ko‘rib chiqish vakolatiga ega.

Ikkinchidan:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil noyabr oyida “O‘zbekfilm” studiyasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 92-sonli bayoni hamda Vazirlar Mahkamasining yozma topshirig‘iga muvofiq Kinematografiya agentligiga va O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasiga nodavlat telekanallar bilan hamkorlikda seriallar suratga olish topshirig‘i yuklatilgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kino san’atini va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2021 yil 7 apreldagi PF–6202-son Farmonida milliy seriallar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun respublika miqyosida faoliyat yurituvchi telekanallarga Agentlik tomonidan har yili 12 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya mablag‘lari ajratish belgilangan.

Qonunchilikka muvofiq, Agentlik bosh direktori u yoki bu mahsulotlarni ishlab chiqarish, kinostudiya va telekanallarga serial ishlab chiqarishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshirish vakolatiga ega emas. Agentlik qaysi telekanallar va xususiy studiyalar bilan ishlashi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tuzilgan Kinematografiya agentligi huzuridagi Badiiy kengashning mutlaq vakolatiga kiradi va ushbu masala kengash a’zolarining ko‘pchilik ovozi asosida hal etiladi. Bundan tashqari, kinostudiyalar va telekanallar taqdim etgan seriallar loyihalari va ularning xarajatlar smetasi Agentlik huzuridagi Ekspertlar kengashi tomonidan ko‘rib chiqilib, kengash a’zolarining serialni ishlab chiqarishni moliyalashtirish to‘g‘risidagi kollektiv qaroridan keyin shartnoma tuzilishi mumkin.

Maqolada Kinematografiya agentligi tomonidan nafaqat Sevimli telekanali bilan, balki boshqa telekanallar va kinostudiyalar bilan hamkorlikda suratga olingan seriallar haqida aytilmagan. Bu muhim faktni inobatga olmaslik jamoatchilikda yanglish fikrning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Kinematografiya agentligiga murojaat qilgan barcha kinostudiyalar va telekanallardan tushgan seriallar loyihalarini ko‘rib chiqib, talabga javob bergan ishlar Badiiy va Ekspert kengashlari tasdig‘idan o‘tkazilib, so‘ngra moliyalashtiriladi. Qayd etish joizki, Agentlik seriallar ishlab chiqarishda uchta yo‘nalishda ishlaydi. Bular davlat buyurtmasi asosida, telekanallar bilan teng sherikchilik asosida va kinostudiyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik asosida. Bunday ko-produksiya usulida ishlash teleseriallar sohasini rivojlantirish uchun ilk qadamlardir. 2021 yilda agentlik tomonidan 10 ta serial ishga tushirildi, 10 ta serial jami 454 qismdan iborat. Shundan kinoseriallar 51 qism, teleseriallar 403 qism. Kinematografiya agentligi 5 ta badiiy filmlarning serial versiyasini yaratib, telekanallarga bepul taqdim etgan. Ular sirasiga “Ibrat”, “Avloniy”, “Sumbul”, “Ilxaq”, “Behbudiy” kabi seriallar kiradi.

Davlat va xususiy studiyalarga buyurtma berish orqali esa “Mahalladoshlar” (“O‘zbekfilm”, 16 qism), “Qodirxon” (Fan Entertainment MCHJ, 120 qism), “Orzular palatasi” (MY Films MCHJ, 100 qism) seriallari suratga olingan. Sevimli va Mening yurtim telekanallari “Orzular palatasi” (1 fasl tugallangan, efirga uzatish hali boshlanmagan) va “Qodirxon” seriallarini efirga uzatadi.

Davlat studiyalari va telekanallar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish orqali Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “Tuzoq” (SevimliTV, 120 qism) va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda “Najotkorlar” (Zo‘rTV, 63 qism, tugallangan) seriallari ishlab chiqarilmoqda. Eslatib o‘tish joizki, ushbu hamkorlikdagi seriallarning qolgan 50 foiz mablag‘lari efirga uzatadigan telekanallar tomonidan qoplanadi. Maqolada tilga olingan “Ona zamin” seriali Sevimli telekanal tomonidan mustaqil moliyalashtirilgan bo‘lib, ushbu mahsulotning agentlikka umuman aloqasi yo‘q.

Beshinchidan:
Sevimli telekanali Kinematografiya agentligi bilan teng sherikchilik asosida serial ishlab chiqarishdan tashqari agentlikni muntazam qo‘llab-quvvatlab keladi. Xususan, telekanal O‘zbekiston Milliy kinofondi va O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati murojaatiga asosan asl negativlari yo‘qotilgan 65 ta badiiy, 87 ta multiplikasion filmlarni, o‘zbek kinosi durdona asarlarini Rossiya davlat kinofondidan raqamlashtirilgan holda qaytarish loyihasiga to‘liq homiylik qilgan. Ular orasida “Alisher Navoiy”, “Toxir va Zuhra”, “Toshkent non shahri”, “Mahallada duv-duv gap”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Suyunchi”, “Nasriddinning sarguzashtlari” kabi o‘zbek kinosining durdonalarini sanash mumkin.
Shuningdek, Sevimli telekanali 3 mlrd. so‘mdan ortiq pul mablag‘larini Agentlik buyurtmasiga binoan badiiy filmlar ishlab chiqarayotgan xususiy kinostudiyalarga moliyaviy yordam sifatida to‘lab bergan. Ushbu tadbir moliyalashtirilishi kechikkan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va suratga olish ishlarida uzulishlar ro‘y bermasligi uchun amalga oshirilgan. Moliyaviy ko‘mak olgan filmlar qatorida Hilol Nasimovning “Meros”, Muhammadali Iskandarovning “Men terrorchi emasman”, Ali Hamroyevning “Samarqandda qovun tarovati”, yosh rejissyor Murod Inog‘omovning “Talvasa” kabi filmlari mavjud.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, 2018 yilgacha Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan kino va teleseriallar yo‘q edi. Bu amaliyot yuqoridagi farmoyish va qarorlardan so‘ng yo‘lga qo‘yilib, islohotlar natijasida 2021 yilning o‘zida 5 ta kinoserial, 5 ta teleserial yaratildi. Lekin bu qilingan ishlar yetarli emas. Yil davomida agentlik 5 ta teleserial suratga olsa, bu vaqt davomida xususiy studiyalar mustaqil ravishda bir necha barobar ko‘proq seriallarni olishmoqda va umumiy manzaraga ulkan ta’sir ko‘rsatishmoqda. Kelgusida mazkur xususiy studiyalar bilan hamkorlikda ishlash, ularning tadbirkorlik faoliyatiga aralashmasdan, ammo, suratga olinayotgan kino mahsulotlarini badiiy va g‘oyaviy mazmunini baholaydigan maxsus konsultativ Badiiy kengash tashkil etish zarur. Ushbu tavsiyaviy harakterga ega Kengashga kino san’ati sohasidagi malakali, yetuk va professional mutaxassislar jalb etilishini taklif qilamiz. Mustaqil ravishda teleseriallar olayotgan xususiy studiyalarni Badiiy kengashga murojaat qilib, mahsulotning mazmun-mohiyatini oshirishga harakat qilishga chorlaymiz.

Kinematografiya agentligi Axborot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!