18 yoshga to‘lmaganlarga ​energetik ichimlik sotgan shaxsga qancha jarima solinadi?

18 yoshga to‘lmaganlarga ​energetik ichimlik sotgan shaxsga qancha jarima solinadi?

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Parlament quyi palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishida Qonunchilik palatasi majlisi muhokamasiga kiritilishi rejalashtirilayotgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda dastlab ikkinchi o‘qishga tayyorlangan «O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustaviga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi konsullik mansabdor shaxsi, shuningdek, faxriy konsulning huquqiy maqomi, ularni tayinlash va lavozimidan ozod qilish tartibi belgilanishi, amalga oshiriladigan konsullik funksiyalarini tartibga solishni ko‘zda tutadi. Unda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining repatriasiyasi hamda pasport va boshqa harakatlanish hujjatlari yo‘qolgan yoxud muddati o‘tgan taqdirda qaytishi uchun guvohnoma berish hamda yashash uchun zaruriy mablag‘larsiz qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ko‘maklashish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilanmoqda.

Konsullik ustavining yangi tahrirda qabul qilinishi xalqaro konsullik huquqi norma va tamoyillarining milliy qonunchiligimizga implementasiyasi jarayonini chuqurlashtirish, konsullik mansabdor shaxslarining faoliyat samaradorligi, javobgarligi va ular tomonidan ishlab chiqilayotgan hujjatlarning sifatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, boshqa davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish hamda ular bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy va boshqa aloqalarni kengaytirishni ta’minlashga ko‘maklashadi.

Yig‘ilish ishtirokchilari «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini muhokamalardan so‘ng ikkinchi o‘qishda qabul qildilar. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga energetik ichimliklarni 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga realizasiya qilish fuqarolarga eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

«Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunda energetik ichimliklar tushunchasiga ta’rif berilmoqda hamda «Reklama to‘g‘risida»gi qonunda bunday ichimliklarni iste’mol qilishning zarari, tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot mavjud bo‘lishi kerakligi, shuningdek, televideniye va radio orqali reklama qilish vaqtlari aniq belgilanmoqda, bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan bosma nashrlarda, shuningdek, tibbiyot, sport va ta’lim muassasalarida energetik ichimliklarni reklama qilish taqiqlanmoqda. 

Bundan tashqari, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Fraksiya yig‘ilishida boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Ular yuzasidan fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!