Yamanda millionlab odam ochlik yoqasida qoldi

Yamanda millionlab odam ochlik yoqasida qoldi

BMT xalqaro hamjamiyatni 16 million yamanlikka yordam ko‘rsatish uchun 3,85 milliard dollar ajratishga chaqirdi. Ushbu bayonot Shvesiya va Shveysariya hukumatlari tashabbusi bilan o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada yangradi. Tadbirda 1,7 milliard dollar yig‘ildi, xolos. 

Tadbirda nutq so‘zlagan BMT Bosh kotibi  Antoniu Guterrish Yaman ommaviy ochlik yoqasida ekanligini ta’kidladi. Uning aytishicha, 20 million yamanlikka gumanitar yordam ko‘rsatish zarur. 
BMTning hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilda 16 million yamanlik och qolishi mumkin. Bu yerda 50 ming kishi ochlik tufayli o‘lim yoqasiga kelib qolgan. Oziq-ovqat taqchilligi qurolli nizolardan aziyat ko‘rgan hududlarda ko‘proq kuzatilyapti. 

Yaman hukumati va isyonchi husiylar o‘rtasidagi urush 2004 yildan beri davom etyapti. Qurolli to‘qnashuvlar tufayli 4 million kishi uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Birgina 2020 yilda tinch aholi vakillaridan 2 mingdan ziyodi yo halok bo‘ldi, yoki jarohatlandi. Mamlakatda ishlab turgan tibbiyot muassasalarining soni 50 foizga ham yetmaydi.  
«Fuqarolar urushi butun boshli yamanliklar avlodini normal hayotdan mahrum qildi, – dedi Guterrish. – Mazkur mamlakatning iztiroblariga chek qo‘yish kerak. Yamandagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligi allaqachon ma’lum bo‘lgan”. 

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!