Xorazmlik ayolning firibgarligi o‘ziga qimmatga tushdi

Xorazmlik ayolning firibgarligi o‘ziga qimmatga tushdi

…Asli qo‘shko‘pirlik E’tibor Hayitboyeva hayotga yengil-elpi qaradi, har qanday qilmish muqarrar ravishda qi­dirmishga yetaklashiga inonmadi. Achinarli jihati shundaki, u har gal boshi toshga tegib, xayollari sarobga do‘nsa, qilmishining achchiq qidirmishini tatisa-da, o‘z bilganidan qolmadi.

E. Hayitboyeva hali yigirma besh yoshga to‘lmayoq, sodir etgan jinoiy qilmishi uchun tegishli javobgarlikka tortildi. Firibgarlikka oid jirkanch qilmishining jazosini tatib ko‘rdi. Bi­roq bu unga kor qilmadi, saboq ham bo‘lmadi. 2006 yilga kelib, yana qora qilmishga qo‘l urdi. Firib bilan bog‘liq jirkanch kirdikorni fahsh, tovlamachilik, o‘g‘irlik amallariga ancha-muncha boyitgan holda amalga oshirdi va Jinoyat kodeksining ana shu qilmishlarni nazarda tutuvchi bir qator moddalariga asosan Toshkent shahar Uchtepa tuman sudi tomonidan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Xayriyatki, u jazodan muddatidan oldin ozod etildi. Ha, u jazodan ozod bo‘ldi, le­kin diliga cho‘kkan shumlik, jinoiy vasvasa iskanjasidan baribir xalos bo‘lolmadi. Va uchinchi gal yana firibgarlik ji­noya­ti ustida qo‘lga tushdi. 2017 yil jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Chirchiq shahar sudi uni ana shu qilmish uchun 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Biroq yurtimizda qaror topgan bag‘ri­keng­lik, kechirimlilik tamoyillariga binoan, muddatidan 3 yilu salkam 4 oy oldin ozodlikka chiqarilib, axloq tuzatish ishlariga jalb qilindi. Ammo u bu jazoning salkam 4 oyinigina o‘tay oldi. Qari­yib 3 yillik jazo gardanida qol­di.

E. Hayitboyeva 2019 yil tag‘in jinoyat ko‘chasida paydo bo‘l­di. U o‘z «rizqi»ni izlagancha Urganch deh­qon bozoriga bordi. Bozorda u o‘zini ustomon sotuvchi-tijoratchi sifatida tanishtirdi. Sitrus mevalar bilan savdo qilibgina qolmay, uni chetdan olib kelishga ham qurbi yetishini aytib, bozordagilarni ishontirdi. Karvoni yo‘lga chiqqani, hademay Urganchga yetib kelishi, undagi banan-u, mandarinlarni suv tekin narxda sotish niyatida ekanini ko‘pchilikka ma’lum qildi.

Uning jiddiy va ishonchli ohangdagi burro so‘z­lari beiz ketmadi.

E. Hayitboyeva ustalik bilan qo‘ygan tuzoqqa dastavval bozorda savdo qilayotgan M. O‘rinov ilindi. O‘zaro kelishuvga muvofiq «hojatbaror» ayol uni nihoyatda xaridorbop banan mevasi, o‘g‘li M. Ahmedovni esa, yap-yangi haydovchilik guvohnomasi bilan siylaydigan bo‘ldi. Kamtarin xizmatlarini dastavval 2 million 520 ming, so‘ngra 525 ming, pirovardida esa, 517 ming, jami 3 million 562 ming so‘mga baholadi va ushbu mablag‘ni hash-pash deguncha qo‘lga kiritdi.

Va’da odatda, so‘z ko‘magida ifodalanadi. Uni bajarish maj­buriyati esa, so‘z beruvchining gardaniga yuklanadi. Va’daning rost ekaniga ishongan mijoz o‘rtada kelishilgan haqni oldindan to‘laydi. E. Hayitboyeva o‘zi tomonidan berilgan jarangdor va’daning to‘lovga oid birinchi bosqichi M. O‘runov tarafidan ado etilgani, ya’­ni o‘zingizga ayon 3 million 562 ming so‘mni qo‘lga kiritgunga qadar aslo tinim bilmadi, butun dunyo kaftiga jo ekanini og‘­zidan qo‘y­madi. O‘zi so‘ragan pulni osongina qo‘lga kiritgach esa, bir zumda so‘ndi, haqi allaqachon to‘langan molni egasiga beto‘xtov yetkazish, uning o‘g‘li nomiga yozilgan haydovchilik guvohnomasini sherigi qo‘­liga tutqazish, basharti so‘­zining ud­dasidan chiqolmasa, olingan pulni darhol ortga qaytarish yuzasidan berilgan balandparvoz va’dani bir pasdayoq unutdi.

…Va’da uchun xarj so‘ralmaydi. Aksincha, uning o‘zi pul-u, mol-dunyoni yetaklab keladi. Urganch dehqon bozorining yangi vallomat «tijoratchisi» izi uzilmas, ammo tagi bo‘sh va aslida bajarilmas va’dalar yo‘­lidan yurdi. Shu asnoda goho xorijning anvoyi mevalari, gohida tilla taqinchoq bezaklar, boshqa gal esa, noyob chinni idishlar bilan savdo qiluvchi «mohir» savdogar suv­ratida namoyon bo‘l­di, kezi kelganida esa, talabgorlarni istalgan oliy o‘quv yurtiga joylab qo‘yishga qobilu-qodir vallomat shaxs sifatida o‘rtaga chiqdi.

Izi uzilmas va’da va «o‘g‘il bolacha so‘z»larning zap kuchi bor-da, bari natija berdi. Mol-dunyo degani E. Hayitboyevaning cho‘ntagi tomon beto‘xtov oq­di va sanoqli haftalar ichidayoq uni millionlar qurshoviga eltdi. «Ishbilarmon» ayol bu jarayonda bozor ahlining etagidan kirib, yengidan chiqdi. Ashaddiy jinoiy qilmishning bozor uzra sepilgan «zaharli urug‘i» esa, tez­da nish urib, ho­­silga kirdi.

2019 yilning mart oyida M. O‘rinovni chuv tushirish chog‘i ishga solingan ajabtovur pul yuvish usuli oradan bir necha hafta o‘tmayoq yana bir fuqaro R. Qalandarovga nisbatan ham qo‘llanildi. Undan undirilgan 8,5 million so‘m E’tiborxonning shaxsiy boyligiga do‘ndi.

Shu tariqa o‘tgan yilning mart-avgust oylari mobaynida bozorda savdo-sotiq bilan shug‘ullanayotgan G. Qo‘chqorovaning 71 million, M. Ametovning 6,4 million, B. Yerimbetovaning 23 million, N. Ahmedovaning 1,8 million so‘m miqdoridagi puli va qimmatbaho buyumlari aldov hamda firibgarlik yo‘li bilan o‘z­lash­tirildi.

Hatto uning nazaridan Urganch shahrida atigi bir oy ijarada yashagan xonadon egasi S. Tojiyev ham chetda qolmadi. E. Hayitboyeva uni ham chuv tushirdi. Aniqroq aytganda, u xonadon sohibi uyda yo‘q ekanidan foy­dalanib, 11,6 million so‘mlik idish-tovoq, kiyim-kechak va ko‘rpa-choyshablarni o‘g‘irlab ketdi. Fuqaro M. O‘rinov orqali esa, uning o‘g‘li M. Ahmedovga tegishli fuqarolik pasportini qo‘lga kiritdi. Yangi haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish bahona egallab olingan ushbu hujjat keyinchalik  yo‘qotib yuborildi.

Bu yanglig‘ ajabtovur vo­qea­larning kelib chiqishi va sodir bo‘lishiga oid ko‘pgina tafsilotlar va unga sabab bo‘lgan bir qator omillar sud hamda tergov jarayonida to‘­liq oydinlashdi. Ayon bo‘lishicha, E. Ha­yit­boyeva Urganchda kechgan bir necha oylik hayoti davomida yashash joyini ikki marotaba o‘z­gartirgan va bozorning ikki nafar sotuvchisi (yuqo­rida firib qurboni sifatida nomi keltirilganlar orasida ular ham bor) bilan turmush qurish va ajrashishga ham ulgurdi. E. Ha­yit­boyeva sud va tergov chog‘i ularning pulini oradagi er-xotinlik rishtalari bois o‘z­lashtirgani, endi ora ochiq ekani, o‘zi tomonidan sodir qilingan bir necha jinoiy qilmishga esa, vaqtinchalik xushtori M. Haydarov sababchi bo‘lgani, qing‘irlikni uning da’vatiga asosan amalga oshirgani, qo‘lga kiritilgan mablag‘ni unga ki­yim­-kechak xarid qilganini ro‘­kach qildi. O‘zlashtirilgan pullarning bir qismini qarzga olgani, buning uchun esa, yana bir jazmani M. O‘rinovning o‘g‘liga tegishli fuqarolik pasportini egallashga muvaffaq bo‘lgani va uni garovga qo‘y­gani, hujjat shu asnoda nom-nishonsiz yo‘qolganini tan oldi. Pul egalarining qistovi ostida qarzni uzish pa­yida bo‘l­gani, xususan, fuqaro B. Yerimbetovadan olingan 23 million so‘mning 11,5 million so‘mini qaytarib berganini bayon etdi.

Sud jarayonida E. Hayitboyevaning firibiga duch kelgan fuqaroviy da’vogar M. Ametov ayblanuvchi tomonidan o‘ziga yetkazilgan — 6,4 million, S. Tojiyev — 11,6 million, N. Ahmedova — 1,8 million, G. Qo‘chqorova — 71 million so‘m miqdoridagi pullarni undirib berishni so‘radilar. Yana bir da’vogar R. Qalandarov esa, sudlanuvchi gardanidagi jami 9 million so‘mlik to‘lovning atigi 1 million so‘minigina qoplagani, qolgan 8 million so‘mni undirishga harchand urinsa-da, natija chiqmaganini bildirdi. Sudda ko‘r­satma bergan M. O‘rinov esa, sobiq jazmaniga nisbatan jami 3,62 million so‘mlik da’vosidan voz kechganini bildirdi.

Sudda jiddiy qonunbuzarlikka yetaklagan bu singari illatlarning bari atroflicha muhokama qilindi. Dastlabki bosqich sudi E. Hayitboyevaga nisbatan Jinoyat kodeksining firibgarlikka oid 168-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari, o‘g‘irlikka doir 169-moddasi 3-qismi «a» bandi, hujjatlarni qasddan egallash, yo‘qotish yoxud shikast­lashga taalluqli 227-moddasi 2-qis­mi «a» bandi bo‘­yicha tergov tarafidan qo‘yilgan ayblarni asosli, deb topdi. Ayni paytda 2017 yil jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudining hukmiga ko‘ra, belgilangan jazoning qariyib 3 yili o‘talmay qolgani ham nazarda tutildi. Sudlanuvchi ushbu asoslarga binoan jami 5 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Ushbu hukm jinoyat ish­­lari bo‘yicha Xorazm vi­loyat­ sudi appelyasiya hay’atida ham ko‘rib chiqildi va dastlabki bosqich sudi ji­noyat­ ishini qonun talablariga rioya etgan holda ko‘rib chiqqani e’tirof qilindi.

Sudning keyingi hukmiga asosan o‘zining 43 yillik umri mobaynida 4 marta davomli tarzdagi ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan ayolning shum taqdiriga achinmaslikning iloji yo‘q. Ammo hali fursat bor. Tuzalish, tarbiyalanish, ahloqan poklanish uchun imkoniyat eshiklari hozircha, ha, hozircha ochiq. Shitob bilan ilgarilayotgan davr ham qaltis yo‘l­ga kirganlarni turmushning nurli yo‘llariga chorlaydi, tuzalish va poklanishga qaratilgan sa’y-harakatlarni olqishlaydi. Buning aksi sanalgan jirkanch amallarni keskin qoralaydi, uni ixtiyor qilgan yoxud mash’um qilmishlar yo‘lidan qaytmagan, qaytishni xohlamaganlarni esa, bundan-da og‘ir qismatga duchor etadi. Shu yanglig‘ achchiq qismatga ro‘para bo‘lmaslik har kim, jumladan, hozirda jazo muddatini o‘tayotgan mahkuma E. Hayitboyevaning o‘ziga ko‘p jihatdan bog‘liq.

Sardorbek Tog‘onov,

jinoyat ishlari bo‘yicha   

Xorazm viloyati sudining sudyasi,

Abdulla Sobirov,

jurnalist


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!