Xitoyda yangi xavfli virus topildi

Xitoyda yangi xavfli virus topildi

Pekin mikrobiologiya va epidemiologiya institutidagi olimlar kanadan tarqalib, asab tizimiga zarar yetkazuvchi yangi virusni aniqlabdi.

Ma’lum bo‘lishicha, u suv-botqoq virusi yoki WELV deb nomlanadi. U birinchi Xitoydagi Ichki Mo‘g‘uliston parkida kana chaqib olgan 61 yoshli erkakda aniqlangan. Uning isitmasi chiqib, boshi og‘rigan va qayt qilgan. Antibiotiklar bilan kasallik belgilarini yengillashtirib bo‘lmagan. Demak, infeksiya bakteriyalardan chiqmagan.

Bemorning qonidagi DNK va RNK tahlillariga ko‘ra, unda ilgari kuzatilmagan ortonairovirus bor. U kanadan yuqadi.

Avvallari WELV virusi hayvonlarda ham, odamlarda ham bo‘lmagan. Bemorning qonida aniqlangach, 14,6 mingga yaqin kana yig‘ilib, joylashuvi va turiga ko‘ra guruhlarga ajratib tahlil qilingan. Guruhlarning taxminan 2%i WELV genetik materialiga ijobiy natija ko‘rsatgan.

5 ta turdagi kana virusni yuqtiroladi, lekin ko‘pincha WELV tashuvchilari Haemaphysalis concinna ekanligi aniq bo‘ldi. Virus qo‘y, ot va cho‘chqalarning ba’zilarida ham aniqlangan.

Yangi infeksiya bilan kasallangan bemorlarda isitma, bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik va bel og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilish va ich ketishi kabi alomatlar kuzatilgan. Laboratoriya tahlillari natijalari ko‘plab bemorlarda to‘qimalarning zararlanishi va qon ivishining belgilarini ko‘rsatgan.

WELV bilan kasallangan bir odam hushidan ketib, komaga tushgan. Uning miya va orqa miyani o‘rab turuvchi suyuqligida leykositlar miqdori yuqori bo‘lgan, bu esa infeksiya borligini ko‘rsatuvchi belgi hisoblanadi.

Olimlar WELV bilan kasallangan hamma odamlar 1-2 hafta ichida sog‘ayib ketganini aytishyapti. Lekin laboratoriya sichqonlarida o‘tkazilgan tajribalar ko‘rsatishicha, WELV miya va boshqa a’zolarni zararlab, o‘limga ham olib kelishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!