AK-47 avtomati: Tramp yana otildimi?

AK-47 avtomati: Tramp yana otildimi?

15 sentyabr, yakshanba kuni AQShning Florida shtati Vest Palm-Bich shahridagi Donald Trampning golf klubi yaqinida otishma yuz berdi. Voqeadan xabardor Reuters manbalariga ko‘ra, bir nechta o‘q uzilgan.

Sobiq prezident saylovoldi shtabi vakili Stiven Chung siyosatchi jarohat olmaganini ma’lum qildi. “Prezident Tramp unga yaqin joyda o‘q uzilganidan keyin xavfsiz. Hozircha qo‘shimcha tafsilotlar yo‘q”, — deyiladi siyosatchi shtab-kvartirasi bayonotida.

Associated Press xabariga ko‘ra, Tramp golf o‘ynayotgan vaqtda Maxfiy xizmat agenti gumonlanuvchiga quroldan o‘q uzgan. Sherif matbuot kotibining aytishicha, otishmada hech kim jabrlanmagan.

The New York Times gazetasining yozishicha, ikki noma’lum shaxs sobiq prezidentga emas, bir-biriga qarata o‘t ochgan.

Trampning golf klubiga o‘q uzgan shaxs avvalroq qo‘lga olingan edi, dedi sobiq prezidentning o‘g‘li, kichik Donald Tramp. “Mahalliy huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, butalar orasidan AK-47 avtomati topilgan”, — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

AQSh Maxfiy xizmati matbuot kotibi Entoni Gugliyelmi X ijtimoiy tarmog‘ida Tramp xavfsiz ekanligini tasdiqladi. Shuningdek, u Maxfiy xizmat voqea yuzasidan tergov boshlaganini ma’lum qildi.

Associated Press xabariga ko‘ra, Oq uy prezident Jo Bayden va vise-prezident Kamala Xarris bu voqeadan xabardor bo‘lganini hamda Tramp jarohat olmaganidan “xotirjamlik his qilganini” bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 13 iyul kuni Butler shahrida (Pensilvaniya shtati) saylovoldi tashviqoti chog‘ida Donald Trampga suiqasd uyushtirilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, 20 yoshli Tomas Kruks ismli yigit siyosatchi nutq so‘zlayotgan joydan 120 metr uzoqlikdagi bino tomidan miting ishtirokchilariga qarata o‘q uzgan.

Otishmada bir kishi halok bo‘ldi va bir necha kishi yaralandi, jumladan Trampning o‘zi ham o‘ng qulog‘idan jarohat oldi. O‘q uning qulog‘ini tilib o‘tdi. Maxfiy xizmat xodimlari hujumchini yo‘q qildi. Kruksning jasadi yonidan AR-15 rusumli yarim avtomatik miltiq topilgan.

Federal qidiruv byurosi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hujumchi uzoq vaqt davomida hujumga tayyorgarlik ko‘rgan. Bir yildan ko‘proq vaqt davomida u portlovchi moslama yasash uchun qurol va materiallar sotib olgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!