Qashqadaryoda xotinini kelinlari, o‘g‘li va nabiralarining yonida yoqib yuborgan erkakka hukm o‘qildi
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida xotinini kelinlari, o‘g‘li va nabiralarining yonida yoqib yuborgan erkakka hukm o‘qildi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmatiga tayanib “Daryo” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Y.R. Yakkabog‘ tumani, “Sheroziy” mahalla fuqarolar yig‘inidagi uyda qonuniy nikohida bo‘lgan turmush o‘rtog‘i R.E. bilan bir xonadonda yashab kelib, taxminan 2014 yil mart oyidan boshlab 2024 yil 22 aprel kuniga qadar turmush o‘rtog‘ini xiyonatda ayblab, u bilan doimiy nizolashib kelgan.
Erkak 22 aprel kuni soat taxminan 20:00 larda mast holatda yashash uyining hovlisidagi supada dam olib yotganida, turmush o‘rtog‘i G.Raximovaning telefonda gaplashib, suhbatdoshiga erini nazarda tutib “iflos uyda, ertaga ishga ketganidan keyin gaplashamiz” degan gaplarini eshitib qolgan.
Shundan so‘ng uni o‘ldirish maqsadida hovlidagi 1 litr hajmli yelim idish (baklajka)da turgan benzinni olib, turmush o‘rtog‘i o‘tirgan uyga kirgan. Ikki kelini, voyaga yetmagan o‘g‘li hamda beshikda yotgan nevaralarining ko‘z o‘ngida ularning hayotini xavfga solib, ayolga “seni o‘ldirmasam, qutulmas ekanman” deb, uning yuz va ko‘krak qismlariga baklashdagi benzinni sepib, o‘ta shafqatsizlik bilan yoqib yuborgan va yonayotgan turmush o‘rtog‘iga yordam berish chorasini ko‘rmasdan, hodisa joyidan ko‘chaga chiqib ketgan.
Shu yerda bo‘lgan kelinlari hamda o‘g‘li suv sepib olovni o‘chirib, tez yordam mashinasida Yakkabog‘ tuman shifoxonasiga olib kelgan hamda tibbiyot xodimlarining ko‘rsatgan malakali yordami natijasida ayolning hayoti saqlab qolingan.
Erkak sudda aybiga iqrorligini va chin dildan pushaymonligini, jabrlanuvchidan ham kechirim so‘raganini, jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligini inobatga olib, suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘radi.
Aybdor Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismining “d, j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga shu modda bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.