Rossiyaning xorijda 180 mlrd dollarlik «soyadagi zaxiralari» borligi ma’lum bo‘ldi

Rossiyaning xorijda 180 mlrd dollarlik «soyadagi zaxiralari» borligi ma’lum bo‘ldi

G‘arb davlatlari Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan mablag‘larining bir qismini Ukrainaga berish yo‘llarini kelishayotgan, polisiya esa oligarxlarning yaxtalari va boshqa mol-mulklarini qidirayotgan bir paytda Kreml chet elda milliy byudjetning yarmiga teng yangi valyuta zaxiralarini to‘plashga muvaffaq bo‘ldi, deb yozadi The Moscow Times.

Germaniya xalqaro xavfsizlik tadqiqotlari instituti ilmiy xodimi Yanis Klyugening Rossiya Markaziy banki statistik ma’lumotlari asosida tayyorlagan tahlillariga ko‘ra, 2022 yil boshidan beri rossiyalik rezidentlar chet el hisobraqamlarida 180 milliard dollar to‘plashga erishgan.

Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan Rossiyaning xalqaro investisiya pozisiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarda ushbu mablag‘lar «boshqa investisiyalar», «ssudalar, qarzlar, naqd pul va depozitlar», shuningdek, «boshqa qarzlar» sifatida qayd etilgan.

Klyugening yozishicha, «soyadagi zaxiralar» eksport bilan shug‘ullanuvchi yirik kompaniyalarning pullari bo‘lishi mumkin: 2022 yilda Rossiya rekord darajada xom ashyo daromadi (591,5 milliard dollar) va to‘lov balansi profisini (227,4 milliard dollar) oldi — 2023 yilda bu kamaygan bo‘lsada, sezilarli darajada saqlanib qolgan (118,3 milliard dollar). Bunday hajmdagi valyuta na Rossiya hisobraqamlariga, na Markaziy bankning sanksiyalar ostidagi zaxiralarga kelib tushgan.

Xorijda to‘plangan zaxira mablag‘lari Rossiya federal byudjetining (406 milliard dollar) yarmiga teng, bu Markaziy bankning butun oltin zaxirasi (188 milliard dollar) bilan taqqoslanadi va o‘zining valyuta zaxiralaridan deyarli ikki barobarga ko‘p. Markaziy bank 613 milliard dollarlik oltin-valyuta zaxirlari borligini, ularning 369 milliard dollarini xorijiy valyutalar tashkil etishini ma’lum qilgan — mablag‘larning 300 milliard dollardan ortiq qismi esa sanksiyalar sabab muzatilgan. Regulyator ixtiyorida mavjud mablag‘lar — bu 100 milliard Xitoy yuanidir.

«Soyadagi zaxiralar» haqida ma’lumot kam: ular qaysi davlatlarga, qanday valyuta yoki aktivlar ko‘rinishi joylashtirilgani sirligicha qolmoqda. G‘arb davlatlari statistikasida bu mablag‘lar ko‘rinmayapti, shu boisdan Kreml valyutalarni o‘ziga «do‘st» deb hisoblaydigan mamlakatlarga joylashtirgan. Bular Rossiya bilan katta savdo defisitiga ega Turkiya yoki Hindiston bo‘lishi mumkin.

Klyugening ta’kidlashicha, «soyadagi zaxiralar» neft narxi tushib ketsa, eksport daromadlari qisqarsa, valyuta oqimi import uchun to‘lovlarni qoplamay qo‘ysa mamlakat iqtisodiyoti uchun yordamga keladi. Ularning qanchasi likvid va qanchasini Rossiyaga olib kirish mumkin — noma’lumligicha qolmoqda.

Rossiya «soyadagi zaxiralarining» asosiy qismini 2022 yilda jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan, ammo hozir ham ularning qiymati sekin-asta bo‘lsada oshib bormoqda. Rossiya Markaziy banki buni mamlakat korxonalari duch keladigan to‘lov muammolari bilan izohlayapti.

Regulyator tomonidan e’lon qilingan statistikaga ko‘ra, 2024 yilning yanvar-iyul oylarida Rossiya kompaniyalari xorijiy aktivlarni 44,6 milliard dollarga oshirgan. Mablag‘larning katta qismi «xalqaro to‘lovlar zanjirlarining murakkablashishi» bilan bog‘liq, buning natijasida biznesda «debitorlik qarzlari» paydo bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!