Britaniya Mehnat partiyasi rahbari haqida nima ma’lum?

Britaniya Mehnat partiyasi rahbari haqida nima ma’lum?

Bugun Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovida so‘l markazchi muxolifat Leyboristlar partiyasi g‘alaba qozongani ma’lum qilindi. Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, bu guruh quyi Jamoat palatasida 650 o‘rindan 400 tasini qo‘lga kiritib bo‘lgan. Bu hukumatni shakllantirish uchun zarur ko‘pchilik chegarasi – 326 talik miqdordan ko‘p. Endi partiya rahbari Key Starmer zimmasiga yangi Vazirlar Mahkamasi tarkibini shakllantirish vazifasi yuklanadi.

Kelib chiqishi va ma’lumoti

Key Starmer (Kir Rodni Starmer) 1962 yil 2 sentyabr kuni Londonda ishchi oilasida tug‘ilgan va mamlakat janubi – Surreydagi mo‘’jaz Okted shahrida o‘sgan. Ota-onasi Leyboristlar tarafdori bo‘lgani uchun uning ismini partiyaning birinchi rahbari Key Hardi sharafiga qo‘yishgan. 1985 yil Starmer Lids universitetini imtiyozli diplom bilan tugatdi va oilada birinchi bo‘lib oliy ma’lumot oldi. 1986 yil Oksford universiteti Edmund Xoll kollejida fuqarolik huquqi bo‘yicha tahsil oldi. 1980-1990 yillari “Ijtimoiy muqobillik” va “Ijtimoiy huquqshunos” jurnallariga maqolalar yozgan.

Professional faoliyati

1987 yil Key Londonda inson huquqi masalasiga ixtisoslashgan advokat sifatida faoliyat yurita boshladi. Keyin Shimoliy Irlandiya Polisiya kengashida inson huquqi bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishladi va 2002 yil monarx tomonidan Qirolicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan. 2008-2013 yillari Qirollik Prokuratura xizmatini boshqargan.

Partiya va parlamentda

O‘smirlik chog‘ida Starmer markaziy chap Leyboristlar partiyasi yoshlar qanotiga qo‘shildi. Jamoat palatasiga 2015 yil ilk bor, 2019 yil qayta saylanib, 2024 yil 30 maygacha, tarqatib yuborilgunga qadar a’zolik qildi. 2015 yil Ed Miliband iste’foga chiqishi munosabati bilan partiyadoshlari undan LP yetakchisi lavozimiga nomzodini qo‘yishni so‘rashdi, biroq “u hali siyosiy tajribaga ega emasman”, deb hisoblab, taklifni rad etdi. Partiya boshqaruvini Jeremi Korbin egallagach, Starmer immigrasiya vaziri sifatida partiya muxolifatda bo‘lganida tuzilgan LP soya kabinetiga qo‘shildi va 2016 yil iyunigacha ishladi. Shu yil oktyabr oyida u yana soyadagi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kirib, partiyaning Vrexit strategiyasi uchun mas’ul bo‘ldi (Qirollik 2020 yil yanvarida YEIni tark etgan). 2019 yil dekabr oyida leyboristlar partiyasi saylovda mag‘lubiyatga uchradi va Korbin iste’foga chiqdi. Shundan keyin Starmer 2020 yil 4 aprelda bo‘lib o‘tgan ichki saylovning birinchi bosqichida 56,2 foiz ovoz olib, partiya yetakchisiga aylandi.

Dasturi

2024 yil 22 mayda Konservativ hukumat rahbari Rishi Sunak parlament tarqatilishini e’lon qilganda, Key Starmer parlament saylovi “tartibsizlikni to‘xtatish, yangi sahifa ochish va Britaniyani qayta qurishni boshlash” uchun imkoniyatligini aytdi.

Uning dasturi uy-joy inqirozini hal qilish, temir yo‘l, pochta va suv ta’minoti korxonalarini milliylashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘zda tutadi. Sog‘liqni saqlash islohoti, adliya tizimini takomillashtirish, shuningdek mamlakat fuqarolarini kadrlar yetishmaydigan sohalarda ishlashga o‘rgatish orqali Buyuk Britaniyadagi muhojirlar sonining qisqartirish rejasi e’lon qilindi. Starmer 7,3 milliard funt sterling (9,3 milliard dollar) miqdoridagi suveren boylik jamg‘armasi asosida xalq ta’limiga yordam berish uchun xususiy maktablarga soliq imtiyozi, toza energiyaga o‘tishni moliyalashtirish uchun energiya kompaniyalariga maxsus yig‘imlar va’da qilmoqda.

U Aslzoda unvoniga ega bo‘lgan va umrbod parlamentda o‘tiradigan shaxslardan iborat, XIV asrda joriy qilingan parlamentning yuqori Lordlar palatasini tugatish, fuqarolarga hozirgidek 18 emas, balki 16 yoshdan saylov huquqini berish tarafdori.

Dasturning tashqi siyosat qismida Yevropa Ittifoqi bilan savdo aloqasini mustahkamlash, NATO rolini kuchaytirishda ittifoqchilarni qo‘llab-quvvatlash qayd etilgan. Jeremi Korbindan farqli o‘laroq, Starmer yadro qurolidan voz kechish, mamlakatni NATOdan chiqarishga qarshi. U Rossiyaga nisbatan “keng miqyosda va keskin” iqtisodiy sanksiya qo‘llashga chaqirib, muzlatilgan Rossiya aktivlarini musodara qilish va Ukraina ehtiyoji uchun sarflash bo‘yicha ittifoqchilar va hamkorlar bilan kelishishga va’da bergan.

2023 yil oktyabr oyida Britaniyaning LBC radiostansiyasiga bergan intervyusida Starmer XAMAS jangarilari hujumiga javoban Isroilning G‘azo sektoriga qarshi hujumini qo‘llab-quvvatladi. Boshlovchining “G‘azoga elektr energiyasi va suv yuborishni to‘xtatish to‘g‘ri qarormi?”, degan savoliga u ijobiy javob berdi. Keyning izohi partiya ichida qarama-qarshi fikr uyg‘otdi va an’anaviy ravishda Leyboristlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Britaniya musulmon jamoasi tanqidiga sabab bo‘ldi. Biroz vaqt o‘tgach, u Leyboristlar Falastinni tan olish niyatida emasligini bildirdi. Faqat 2024 yil may oyiga kelibgina, “tinchlik jarayonining bir qismi sifatida zarur payt” Falastin davlatini e’tirof etish imkoniyatini tan oldi.

Shaxsi haqida

Key Starmer 2014 yil “muvaffaqiyatli yuridik faoliyati va qonunchilikdagi xizmati uchun” Vanna (Risar qo‘mondoni) ordeni bilan taqdirlangan. Uylangan, ikki farzandi bor. Ota tomondan polshalik-isroillik bo‘lgan rafiqasi yahudiy dinini qabul qilgan. Starmerning o‘zi esa ateist.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!