O‘zbekistonliklarning 62 foiziga AQSh vizasi berilmaydi

O‘zbekistonliklarning 62 foiziga AQSh vizasi berilmaydi

AQSh vizasiga murojaat qilgan o‘zbekistonliklarning yarmidan ko‘piga rad javobi beriladi. Amerikaga immigrasiya va fuqarolik masalalari bilan shug‘ullanadigan Uzbekimmigrant sayti ma’lum qilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng ko‘p O‘zbekiston fuqarolariga AQSh turist vizasi rad etiladi. 2018 yilda bu vizaga O‘zbekistondan murojaat qilganlarning 61,76 foizi rad javobini olgan. Somalida viza deyarli hech kimga (90,16% rad javobi) berilmas ekan. Bu haqda "minbar.uz" yozmoqda.

B1/B2 viza nima o‘zi

Chet el fuqarolari AQShga qisqa muddatli sayohat qilish uchun B vizasiniolishlari kerak. B vizasi noimmigrasiyaviy viza bo‘lib, kishiga AQShga tadbirkorlik, turizm va/yoki dam olish maqsadida vaqtincha yashash imtiyozini beradi.

  • Yiliga dunyo bo‘ylab o‘rtacha 6 million kishiga B1/B2 vizasi beriladi.
  • 2018 yilda taxminan 7,400 O‘zbekiston fuqarosi B1/B2 vizasini olgan.

AQShda Markaziy Osiyodan ko‘proq qozoqlarni xush ko‘rishadi, qolganlarni uncha emas:

2018-yilda Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari orasida eng ko‘p O‘zbekiston fuqarolarining turist vizasi rad etilishi mumkin. 2018-yilda B1/B2 vizasiga murojaat qilganlarning 61,76% rad javobini olgan. Rad javobini eng kam Qozog‘iston fuqarolari olgan (39,38%).

Sobiq Sovet Ittifoqi Respublikalari orasida turist vizasi rad etilishi ehtimoli:

Sobiq Sovet Ittifoqi Respublikalari orasida Gruziya oxirgi uch yilda turist vizasini olish ehtimoli eng kam bo‘lgan davlat. O‘rtacha murojaat qilganlarning 62% rad javobini oladi. O‘zbekiston 2018 va 2016 yillarda Gruziyadan keyin ikkinchi o‘rinda kelgan—rad javobini olish ehtimoli o‘rtacha 59%.

Turist vizasi nega rad etilishi mumkin?

B1/B2 vizasi noimmigrasion viza bo‘lib, kishiga AQShda vaqtincha yashash imtiyozini beradi.

Konsullik xodimlarining vazifasi AQShda viza qoidalarini buzib, belgilangan muddatdan ko‘proq yoki doimiy qolib ketishi mumkin bo‘lgan kishilarni aniqlash va ularga turist vizasini bermaslik.

Shuning uchun B1/B2 vizasiga murojaat qilgan kishi, Konsullik xodimini AQShda vaqtincha bo‘lishini, belgilangan muddat o‘tganindan keyin esa O‘zbekistonga qaytishiga ishontirishi kerak. Bunga AQShda qolib ketish niyati yo‘qligini (“non-immigration intent”) ko‘rsata olish talabi deyiladi.

Qolib ketmaslik niyatini tekshirishda konsullik xodimi quyidagilarni e’tiborga olishi mumkin:

  • AQShga turist sifatida borish rejasining puxtaligi;
  • Sayohat qilish uchun mablag‘ning borligi va yetarligi, mablag‘ning manbayi;
  • O‘zbekistonga qaytib kelishni undovchi faktorlar (oila, ish joyi, ta’lim olish joyi va hkz. mavjudligi);
  • O‘zbekistonda mulki borligi (uy-joy, korxona, faol tadbirkorlik va hkz.).

Bundan tashqari, konsul savollariga haqqoniy javob berish va qalbaki hujjatlardan foydalanmaslik muhim rol o‘ynaydi. Yolg‘on gapirganga kelajakda viza umuman berilmasligi mumkin.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!