O‘zbekistonga 12 bosh butaqushni noqonuniy olib kirishga uringan shaxs ushlandi

O‘zbekistonga 12 bosh butaqushni noqonuniy olib kirishga uringan shaxs ushlandi

"Toshkent" xalqaro aeroportida O‘zbekiston faunasida mavjud bo‘lmagan qushlarni yashirin olib kirishga bo‘lgan urinish fosh qilindi.

Jumladan, Vyetnamning Kamran shahridan uchib kelgan yo‘lovchilardan birining bagaji belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, yo‘lovchi bojxona deklarasiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan, tegishli ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan 12 bosh qushlar borligi aniqlandi.

Achinarlisi, meva qutisi orasiga yashirilgan, saqlash va tashish qoidalariga rioya qilinmagan tarzda olib kelingan sariq va oq bo‘yinli butaqushlarning hozirgi holatini mutaxassislar salbiy baholashmoqda. Jumladan qushlardan 3 boshi allaqachon nobud bo‘lgan.

Hozirda holat yuzasidan tekshiruvlar davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobga kiritilmagan yovvoyi hayvonlarni, ularning qismlarini, shuningdek yashash faoliyati mahsulotlarini olib kirish va chetga olib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ruxsatnomasi talab etiladi. Bunda arizachilar tomonidan hayvonning qonuniy sotib olinganligini yoki tutilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, jonzotlarning sog‘lom yoki kasallikka chalinganligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi xulosasi bo‘lishi talab etiladi.

Sariq va oq bo‘yinli butaqushlar asosan Janubiy va Sharqiy Osiyoda yashaydi va zaif tur hisoblanadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra qushlarning umumiy qiymati taxminan 60 mln so‘mdan oshmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!