Eron Afg‘oniston bilan chegarada 10 kilometrlik devor qurdi. Yana 50 km devor qurmoqchi

Eron Afg‘oniston bilan chegarada 10 kilometrlik devor qurdi. Yana 50 km devor qurmoqchi

Eron hukumati Afg‘oniston bilan chegarada uzunligi 10 km dan ortiq devor qurilishini yakunladi va yana 50 km uzunlikdagi devor qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Eron armiyasi quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari, brigada generali Nozar Ne’matiy ma’lum qildi, deb yozadi Tehran Times.

Avvalroq Eron davlat chegarasining ushbu qismida uzunligi 295 km va balandligi to‘rt metr bo‘lgan devor qurish niyatida ekani xabar qilingandi.

Ne’matiyning ta’kidlashicha, chegaraning yopilishi xavfsizlikni yaxshilaydi va kontrabandaning oldini oladi, bu esa mamlakat iqtisodiy o‘sishiga va chegara o‘tish joylarini samarali boshqarishga yordam beradi.

«Afg‘oniston bilan chegaraning shimoliy qismida chegarani yopish bo‘yicha ishlar boshlandi, u yerda operasiyani nazorat qilish uchun maxsus shtab tashkil etildi. Ushbu tizimli yondashuv armiya quruqlikdagi kuchlarining muhim ishtirokida amalga oshirilmoqda», dedi general.

Ne’matiyning so‘zlariga ko‘ra, devor qurilishida to‘rtta jangovar muhandislar guruhi va 14 ta muhandislik bo‘linmasi, shuningdek, mamlakatning turli hududlaridan bir nechta jangovar tayyor kompaniyalar ishtirok etmoqda.

«Beshta ustaxona devor qurilishida faol ishtirok etmoqda va Eron armiyasi quruqlikdagi kuchlarining yuzlab muhandislik texnikasi chegarani mustahkamlash loyihasini o‘z vaqtida yakunlash uchun uzluksiz ishlamoqda», — deya qo‘shimcha qildi Ne’matiy.

Eron-Afg‘oniston chegarasining uzunligi 900 km dan oshadi. Eron dunyodagi eng ko‘p afg‘on qochqinlari yashaydigan davlatlardan biridir. Afg‘onistonlik muhojirlar oqimi 2021 yil avgustida Tolibon Kobulda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri ko‘paydi. Tehron afg‘on qochqinlari soni bo‘yicha rasmiy raqamlarni oshkor etmaydi, biroq deputat Abolfazl To‘rabiy mamlakatda ulardan «olti-etti million» borligini taxmin qilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!