O‘zbekistonda qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligi keng nishonlanadi

O‘zbekistonda qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligi keng nishonlanadi

Prezidentning “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, shoirning “Tanlangan asarlar” to‘plami o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilinadi. Uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab yaratilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlar qayta chop etiladi va taqdimotlari o‘tkaziladi.

Davlat buyurtmasiga binoan Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan sahna asarlari hamda “Ajiniyoz” badiiy-publisistik filmi yaratiladi. Nukus shahrida shoir ijodiga bag‘ishlangan “Ayt, sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan” mavzusida mamlakat yosh ijodkorlarining tanlovi, ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li hayoti va ijodiga bag‘ishlangan insholar tanlovi o‘tkaziladi.

2024 yilning sentyabr oyida Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar, tasviriy san’at asarlari va xalq amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. Oktyabr oyida Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining adabiy merosini o‘rganish mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtiriladi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida shoir muzeyi tashkil qilinadi. Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining Mo‘ynoq tumanidagi qabri obodonlashtiriladi va unga yodgorlik o‘rnatiladi. Mazkur tumanda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li nomidagi ekopark barpo etiladi.

Mamlakatdagi oliy va o‘rta maxsus, professional, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli yozuvchi va shoirlar, olimlar ishtirokida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuv va adabiy kechalar uyushtiriladi.

2024 yilning noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik teatrida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechalari tashkil etiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!