"Surxon" murabbiyi reglament qoidalarini buzib kelayotgani uchun uning ishi tegishli qo‘mitaga oshiriladi

"Surxon" murabbiyi reglament qoidalarini buzib kelayotgani uchun uning ishi tegishli qo‘mitaga oshiriladi

“Superliga va Proliga reglamenti”ning 16.31-bandida uchrashuv vaqtida texnik zonada klub rasmiylari orasidan faqatgina bosh murabbiyga futbolchilarga ko‘rsatma berish huquqi berilgan.

Liga bunday qarorga noaniqliklar ko‘payib ketganidan so‘ng kelgan. Normal holatda klub bosh murabbiyi o‘ziga tegishli barcha majburiyatlarni amalga oshirishi lozim. Jumladan, o‘yin davomida futbolchilarga ko‘rsatma berishdan tortib, jamoa bilan bog‘liq OAV savollariga javob qaytarish shular jumlasiga kiradi. Liga va Assosiasiya o‘rtasidagi kelishuv asosida Superliga klubini boshqarayotgan mutaxassis tegishli lisenziyaga ega bo‘lishi shart. Ayrim holatlarda bosh murabbiydan o‘zga shaxsning uchrashuv davomida bir necha bor namoyon bo‘lishi futbol yaxlitligi masalasini shubha ostiga qo‘yadi. Shuningdek, OAV klub bilan bog‘liq savollarni barchasi uchun javobgar bo‘lgan mutaxassisga emas, de yure uning vazifasini bajarayotgan o‘zga mutaxassisga berishga majbur bo‘ladi.

Pro lisenziyasi uchun o‘quv kurslarining kechikishi sabab Liga 2024-yilning 1-mart kuni Superliga klublariga rasmiy murojaat bilan chiqqan hamda klubda bosh murabbiy vazifasini de fakto ehtimoliy boshqa shaxs amalga oshirayotgan bo‘lsa, bu haqda rasmiy ma’lumot berishi, evaziga Liga mazkur shaxsga texnik zonada erkin harakatlanish hamda matbuot anjumanlarida ishtirok etish huquqini taqdim etishini ma’lum qilgandi. Jumladan, Lokomotiv Yorqin Nazarov emas, Aleksandr Stoymirovichga shunday huquq berilishini so‘radi. Bunyodkor esa xorvatiyalik mutaxassis iste’foga chiqqach, bosh murabbiy vazifasini Anvar G‘ofurovga ishonib topshirdi, Liga ro‘yxatidan esa Sergey Arslonovni bosh murabbiy sifatida o‘tkazdi.

Surxon Fevzi Davletovni bosh murabbiy sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Matbuot anjumanlarida ham aynan u ishtirok etib kelmoqda. Biroq Surxon ishtirokidagi so‘nggi uchrashuvlarda Davletovdan ko‘ra ko‘proq Stanislav Kudryashov futbolchilarga ko‘rsatma berayotgani Liga komissarlari bildirgisida aks etgan. Ogohlantirishlarga qaramay, Kudryashov reglament qoidalarini buzib kelayotgani uchun uning ishi tegishli qo‘mitaga oshiriladi.

Surxon klubidan esa vaziyatga oydinlik kiritish so‘raladi. Mazkur holatda Liga klubning ichki ishlariga aralashmaydi, biroq rasmiy uchrashuv davomida reglament talablariga to‘liq rioya etish so‘raladi. Klubda de fakto bosh murabbiy Davletovdan o‘zga shaxs bo‘lsa, Liga bu haqda rasman xabardor etilishi va OAV ishtirokidagi matbuot anjumanlarida ham aynan o‘sha shaxs ishtirok etishi shart hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning sentyabr oyida Pro lisenziyasi uchun yangi o‘quv kursi start oladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!