Qozog‘istonda amakisi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan o‘zbekistonlik opa-singil vatanga qaytarildi

Qozog‘istonda amakisi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan o‘zbekistonlik opa-singil vatanga qaytarildi

Qozog‘istonda o‘zbekistonlik ikki voyaga yetmagan jiyaniga uyatsiz, buzuq harakatlar qilgan erkak ushlangani haqida xabar berilgandi. Bolalar ombudsmani qizlar mamlakatga qaytarilganini ma’lum qildi.

6 iyun kuni bolalar ombudsmaniga 2000 yilda tug‘ilgan ayol A.A.dan murojaat kelib tushgan. Unda onasi va otasi vafot etgani, u 2006 yilda tug‘ilgan I.A. va 2012 yilda tug‘ilgan S.R. ismli singillari uchun eng yaqin qarindosh bo‘lsa-da, qizlar amakisi R.R.ning vasiyligiga berilganini, amakisi esa qizlarni Qozog‘istonga o‘z yashash manziliga olib ketgani, hozirda ularga uyatsiz buzuq harakatlar qilayotganini bildirgan.

Ayol o‘z singillariga jinsiy zo‘ravonlik sodir etayotgan amakisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni hamda singillarini O‘zbekistonga qaytarish hamda eng yaqin qarindosh ekanli sababli qizlarga uni qonuniy vakil etib tayinlanishida amaliy yordam so‘ragan.

Bolalar ombudsmanining IIVga va TIV orqali O‘zbekistonning Olmaota shahridagi bosh konsuliga yuborgan so‘rovi asosida idoralarning tizimli va o‘zaro tezkor choralari natijasida 8 iyun kuni I.A. va S.R. amakisining uyidan polisiya va vasiylik organi tomonidan olib ketilib, murakkab ijtimoiy vaziyatlarga tushib qolgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash Olmaota shahri adaptasiya markaziga joylashtirilgan edi.

Jinoyat ishi doirasidagi ular bilan bog‘liq barcha tergov harakatlari o‘tkazilib bo‘lganidan so‘ng joriy yilning 24 avgust kuni qizlar O‘zbekistonga qaytarildi va Toshkent shahar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.

Shu kunlarda qizlarning opasi A.A.ni ularga vasiy etib belgilashga oid hujjatlar rasmiylashtirilishi jarayoni ketmoqda.

Shuningdek, hozirda R.R.ga nisbatan dastlabki tergov tamomlanib, materiallar jinoyat ishlari bo‘yicha tegishli tuman sudiga yuborildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!