Islom Karimov ishtirokidagi videoni tarqatgani uchun qamalgan qizning hukmi o‘zgarmadi

Islom Karimov ishtirokidagi videoni tarqatgani uchun qamalgan qizning hukmi o‘zgarmadi

Avvalroq, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani Chirchiq mahallasi Shodon ko‘chasida yashovchi fuqaro S.SH. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov va O‘zbekiston Islomiy Harakati terrorchilik tashkiloti rahbari Tohir Yo‘ldosh o‘rtasidagi suhbat aks etgan videoni otasiga ulashgani uchun Jinoyat kodeksining 159-moddasi (Konstitusiyaviy tuzumga tajovuz qilish) bilan ayblanayotgani haqida xabar berilgandi. Sud uni shartli ravishda 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Bugun, 21 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining appelyasiya sudlov hay’ati ham quyi instansiya sudi tomonidan chiqarilgan S.SH.ga nisbatan hukmni kuchda qoldirdi. Bu haqda Qalampir.uz “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga tayanib, ma’lum qildi.

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, fuqaro S.SH.ga 2023 yilning sentyabr oyida otasining telefon apparatiga 1991 yilda Namanganda Birinchi Prezident Islom Karimovning mahalliy hokimiyat binosini bosib olgan ekstremistlar rahbari Tohir Yo‘ldosh bilan tarixiy muloqoti aks etgan havolani yuborgan. Video bundan 10 yil avval YouTube platformasiga joylangan bo‘lib, hozirgacha omma e’tiborida. Uni deyarli yetti million kishi tomosha qilishga ham ulgurgan. Sudda “Legendarnaya s’emka. Taxir Yuldash i Islam Karimov v Namangane v 1991 godu” deb ataluvchi mazkur video konstitusiyaviy tuzumni ag‘darishga qaratilgan jinoyat sifatida e’tirof etilgan.

“Sudga oid dinshunoslik ekspertizasiga ko‘ra, mazkur kontent ekstremistik, taqiqlangan va konstitusiyaviy tuzumga tajovuz qilishni ifodalovchi material, deb topilgan. Holbuki, mazkur videokontent O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi kanallari orqali ommaga to‘liq namoyish etilgan. Bu haqdagi barcha ma’lumotlarni sudga taqdim etdik. Demak, S.SH.ni ayblagan sud O‘zbekiston MTRKga nisbatan ham xususiy ajrim chiqarib, kompaniyani jinoiy ta’qib doirasiga kiritishi kerak edi. Aksincha, qonun ustuvor yurtimizda huquqiy yondashuv masalasi ikki xil standartga asoslangan bo‘lib qoladi”, deya yozgan Tashanov.

Shuningdek, Abdurahmon Tashanov Bosh prokuraturani sudga oid dinshunoslik ekspertizasi bilan ekstremistik, taqiqlangan va konstitusiyaviy tuzumga tajovuz qilishni ifodalovchi materialni tarqatganligi uchun O‘zbekiston MTRK tarkibiga kiruvchi bir necha telekanallarni konstitusiyaviy tuzumga tajovuz qilganlikda ayblashga, aksincha, S.SH.ning ishi yuzasidan yuqori sudlarga protest kiritishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, sudga oid dinshunoslik ekspertizasining 2023 yil 17 oktyabrdagi ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, ushbu video ekstremistik va konstitusiyaviy tuzumga tajovuz qilishni ifodalovchi materiallar qatoriga kiritilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!