O‘zbekistonda 16 yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat beriladimi? YHXBB javob berdi

O‘zbekistonda 16 yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat beriladimi?  YHXBB javob berdi

Mamlakatimiz avtomobil yo‘llarida sodir etilgan avtohalokatlar tahliliga nazar tashlar ekanmiz, 18 yoshga to‘lgan o‘g‘il-qizlar tomonidan haydovchilik guvohnomasini olib, yo‘l-transport hodisasini sodir qilayotganlar ham kam emas. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida haydovchilik guvohnomasini olganiga 2 yil bo‘lmagan haydovchilar tomonidan 612 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan bo‘lib, ularning oqibatida 191 nafar fuqarolarimiz hayotdan bevaqt ko‘z yumishgan bo‘lsa, yana 571 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olishgan. Yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda haydovchining yo‘l harakati qoidalarini o‘zlashtirganligi, tajribasi, yoshi va madaniyati juda muhim o‘rin tutadi.

Fuqaro Baqoyev Javoxir Yaxyo o‘g‘lining “O‘zbekistonda 16 yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat berish haqidagi” “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga joylashtirilgan taklifi yuzasidan IIV YHX Bosh boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.

  1. Boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi yurtimizda ham haydovchilik guvohnomasi olish uchun bir qancha talablar belgilangan. O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni talablari asosida ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 408-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomda “A” toifadagi mototransport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lish uchun 16 yoshga, “V” va “VS” toifaga ega bo‘lish uchun 18 yoshga hamda “D” toifaga ega bo‘lish uchun esa 21 yoshga (jumladan tramvay va trolleybuslar) to‘lgan shaxslarga ruxsat etiladi.

         Ushbu normalar qaror loyihalari ishlab chiqilish jarayonida xorijiy davlatlarning tajribalari o‘rganilib kiritilgan va bu talablar Yo‘l harakati to‘g‘risidagi (1968 yildagi Vena Konvensiyasi) Konvensiya normalariga mosdir.

  1. 16 yoshdan haydovchilik guvohnomasini berish tartibi joriy qilingan xorijiy davlatlar o‘rganib chiqildi.

Misol uchun: Shvesiya, Fransiya, Avstriya, Estoniya, Norvegiya va ayrim Yevropa davlatldarida huddi bizning normativ hujjatlarda belgilanganidek 16 yoshda uncha katta bo‘lmagan motosikllar(mopedlar)ni, 18 yoshda avtotransport vositasini boshqarishga ruxsat etiladi.

  1. 16 yoshli bola hali maktab yoki kasb-hunar kolleji o‘quvchisidir. Aynan ushbu yoshdagi bolalar o‘qishini davom ettirishi, boshqa ishlar bilan chalg‘imasligi, jamiyat uchun foyda keltiradigan bilimli insonlar bo‘lib ulg‘ayishlari zarur.
  2. 16 yoshli bolalarda tirishqoqlik, izlanuvchanlik bilan birga maqtanchoqlik, oliftalik kabi hislatlar ham eng avjiga chiqqan vaqt hisoblanadi. Bu yoshdagi bolalarning transport vositasini o‘zboshimchalik bilan boshqarishi salbiy oqibatlar bilan yakun topganligi holatlari uchramoqda.

16 yoshli bolalarda hali “Men” degan fikr so‘nmagan bo‘lishi, maqtanishni, “oliftalikni” yaxshi ko‘rishi, buning oqibatida esa yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik, mensimaslik yoki qasddan tengdoshlariga, do‘stlariga avtomobilini maqtanish uchun yo‘l harakati qoidalariga qarshi harakat qilishi mumkin, bu esa fojiyali oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

 

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!