O‘zbekiston va Yaponiya oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishda hamkorlik qiladi

O‘zbekiston va Yaponiya oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishda hamkorlik qiladi

Bugun Toshkentda O‘zbekiston – Yaponiya oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish forumi o‘tkazildi.

Yaponiya Qishloq, o‘rmon va baliqchilik vazirligi tomonidan hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki tomonning hukumat mas’ullari, ishbilarmon doira vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Unda Yaponiya Qishloq, o‘rmon va baliqchilik vazirligi eksport va xalqaro byurosi direktori Mizuno Masayoshi, O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari v.b. Shohrux G‘ulomov va boshqalar ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi barcha sohalar qatorida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatining ravnaqida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Aytish joizki, 2015 yildan boshlab Yaponiya va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida aloqalarni kengaytirishni maqsad qilgan va ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro kelishuv memorandumi imzolangan.

– Ushbu forum doirasida yaponiyalik mutaxassislar Buxoroda bo‘ldi, –dedi Mizuno Masayoshi. – O‘zim esa Toshkent shahridagi bozorlarni aylanib chiqdim. O‘zbek aholisi juda mehnatkash, iltifotli va mehmondo‘st ekanidan xursand bo‘ldim. Bugungi forum sohani rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, unda o‘zbek va yapon ishbilarmonlari o‘zaro muloqot qiladi. Tadbirda bir qator Yaponiyaning ushbu yo‘nalishlardagi ishlab chiqaruvchilari o‘z taqdimotini o‘tkazdi. Umid qilamizki, ishtirokchilar tadbirdan katta foyda oladi. Forumni tashkil etishda o‘z hissasini qo‘shgan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyatiga o‘z tashakkurimni bildiraman.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sektori jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. 2023 yilda ushbu soha yalpi ichki mahsulotning 24,3 foizini tashkil etdi. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 4,1 foiz, o‘rmonchilik 2,7 foiz, baliqchilik 7,4 foizga o‘sgan. Bu 2022 yilda mos ravishda 3,6 foiz, 2,7 foiz va 1,7 foiz o‘sish sur’atlari bilan taqqoslanadi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi Yaponiyaning umumiy iqtisodiy mahsulotining kichik qismini tashkil etsada, mamlakat yuqori rivojlangan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sektoriga ega. Mamlakat hududining atigi 20 foizi dehqonchilik uchun yaroqli ekanligini hisobga olsak, Yaponiya qishloq xo‘jaligi hosildorligini, shu bilan birga, samaradorlik va barqarorlikni oshirish uchun jahonda yetakchi texnologiyalar va yetishtirish texnikasini ishlab chiqdi. Yaponiya kompaniyalarining ilg‘or tajribasi va «nou-xau»lari hamda yangi istiqbollari taqdim etiladi.

Forumda Yaponiya hukumati va biznes vakillari yapon qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va ilg‘or tajribasi haqida taqdimot qildi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa ushbu texnologiyalarni O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlarini muhokama qilish hamda o‘zbek fermerlari uchun yuqori sifatli, innovasion urug‘lik mahsulotlarini yetkazib berishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Statistik tahlil va prognozlashtirish bo‘lishi boshlig‘i Javlonbek Xolov «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida taqdimot qildi.

– Mamlakatimizda agrar sektorni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, oziq-ovqat sanoati rivoji yo‘lida ham qator vazifalar belgilangan. Aholi sonining o‘sib borishi qishloq xo‘jaligi sohasida islohotlarni talab qiladi. Bugun o‘tkazilgan forum o‘zbek va yapon mutaxassislari, ishbilarmonlari o‘rtasida hamkorlikni har jihatidan mustahkamlashda muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi. Tomonlar o‘zaro suhbat chog‘ida mamlakat qishloq xo‘jaligi amaliyotida, xususan, suv xo‘jaligi va organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha so‘nggi yutuqlarni alohida ta’kidladi, –dedi J.Xolov.

Forum doirasida yapon pazandachilik ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda Yaponiya oshxonasi mutaxassislari guruch navlaridan tayyorlangan yapon taomlari, yuqori sifatli baliq mahsulotlari, yapon choyining jahonga mashhur navlari va shirinliklarini taqdim etdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!