Bayden va Tramp telebahsi xususida

Bayden va Tramp telebahsi xususida

Atlantada bo‘lib o‘tadigan bahs-munozaraning birinchi davrasini CNN telekanali tashkil qilmoqda. Teledebat 90 daqiqaga cho‘ziladi, ishtirokchilar navbat bilan so‘z oladi, bir-birining gapini bo‘lib qo‘ymasligi uchun ikkinchi da’vogarning mikrofoni o‘chiriladi.

Ayrim tahlilchilar demokratlar shoshilishiga sabab, Baydenni sinab ko‘rish, demoqda. Agar u birinchi telebahsda yutqazsa, avgustda bo‘ladigan qurultoyda partiya uni elektoratda mashhurroq boshqa talabgor bilan almashtirishi ham mumkin. Tramp telebahsga vise-prezidentlikka nomzodini olib kelishga va’da qilgan, hozircha bu kimligi sir saqlanyapti.

O‘z-o‘zidan ma’lum, bahsning asosiy mavzusi mamlakatning ichki muammolari. Bu gal ham ikki nomzod milliy iqtisodiyot va migrasiya bilan bog‘liq masalani hal qilishga qarashini bayon qilishi kerak.

Tramp ta’kidlashicha, Bayden “Amerika orzusi”ni barbod qilmoqda, iqtisodiyotni izdan chiqarmoqda va mamlakatni jahannam sari yetaklamoqda. U Baydenni inflyasiya kuchayishi, yonilg‘i narxi oshishida aybladi. Bayden esa o‘z navbatida, pandemiyadan keyin mehnat bozori tiklangani, infratuzilmaga yetarli mablag‘ ajratilayotgani bilan maqtanib keladi.

Tramp o‘z ma’muriyati davrida chegara berkitilganini aytib, hozir mamlakatda noqonuniy migrantlar rekord darajada ko‘p kelishi bilan bog‘liq haqiqiy falokat yuz berayotganini pesh qilmoqda. Demokratlar adliyani noqulay siyosatchilarga qarshi qurolga aylantirgani, asosiy siyosiy raqibga nisbatan jinoiy ta’qib yo‘li bilan saylovga aralashayotganini ta’kidlaydi.

Amaldagi Prezident esa Tramp siyosiy zo‘ravonlik keltirib chiqargani, Kapitoliyga bostirib kirishni oqlaganini aytib, agar g‘alaba qozonsa, u prezidentligi bilan savdo qilishidan ogohlantirgan.

AQSh xalqaro siyosatda o‘z o‘rniga ega hamda global vaziyatga ta’sir qila oladigan darajada qudratli davlat. Shu bois nomzod prezident bo‘lgan taqdirda xalqaro maydonda qanday harakat qilishini ham aytiishi kerak. Tramp Ukraina atrofidagi mojaroni qisqa vaqt ichida, ya’ni inaugurasiyasi bo‘lib o‘tmasdan hal etishga va’da qilgan. Uning maslahatchilari Kiyevni tinchlik muzokarasiga undovchi reja taqdim etgan. Agar rozi bo‘lmasa, Vashington Kiyevni yordamdan mahrum qilishi ko‘zda tutilgan. Bayden Ukrainaga qurol yetkazib berish kerakligini uqtirib keladi, shuningdek ba’zi kuzatuvchilar fikricha, u Yevropani ham Rossiya tahdidi bilan qo‘rqitib kelmoqda.

Bayden NATO eshigi hamma uchun ochiqligini ta’kidlab, Ukraina kelajagi Alyansda, deydi. Tramp esa bunday ta’kid xato ekani, Rossiyaning jahlini chiqarishini aytadi. Bayden bor kuchi bilan NATOni qo‘llab quvvatlamoqda, Tramp esa Alyansning boshqa ishtirokchilari uchun ham a’zolik badali miqdorini oshirish kerak, deb hisoblydi. Qolaversa, sobiq prezident agar vaziyat taqozo qilib, AQShga yordam kerak bo‘lsa, Alyans a’zolarining birortasi yordamga kelishiga ishonmasligini bildirgan.

Yaqin sharq mojarosida ikki siyosatchi ham Isroilni qo‘llab-quvvatlash kerak deydi, biroq Tramp ushbu yo‘nalishda Baydenni keragicha harakat qilmayotganlikda ayblamoqda, amaldagi yetakchi esa Isroil rahbariyatini tanqid qilib kelmoqda.

Bayden RF va XXR rahbari sha’niga nojoiz gaplar gapirmoqda, Tramp esa ular bilan yaxshi munosabatda ekani bilan maqtanadi.

Xullas, Amerikada saylov oldi kampaniyasining ajralmas qismi hisoblangan telebahslar har doim qiziqarli o‘tgan va ishtirokchilar mamlakat taqdiri bilan bog‘liq jiddiy masalalar bo‘yicha bahslashgan. Bahsni muvaffaqiyatli o‘tkazish, saylovchilarning yanada ko‘proq e’tiborini tortish ko‘p ovoz olish uchun zarur jihatlardan biri sanaladi. Bu galgi telebahs esa bir qarashda ko‘ngilochar toboshaga aylanib ketadigandek. Masalan, Nyu-York shtatidan Amerika senatori Dayan Seyr “RIA Novosti”ga intervyu berganda shunday dedi:

– Bahslar bugungi kunda qandaydir sahna tomoshasiga aylandi. Sizga berilgan bir daqiqa, 90 soniya, yoki uch daqiqada biror g‘oyani shakllantirib olishning iloji yo‘q.

Vinnipeg universiteti o‘tkazgan so‘rov natijasi AQSh sobiq Prezidenti Donald Tramp raqibi Jo Baydendan biroz ustunlik qilayotganini ko‘rsatdi.

Tadqiqot natijasiga ko‘ra, Trampni respondentlarning 49 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Uning raqibi uchun esa so‘rov ishtirokchilarining 45 foizi ovoz berishini aytgan. Nima bo‘lganda ham respondentlar telebahsni diqqat bilan kuzatib boradi, ikki nomzodning imkoniyatini taqqoslaydi, tarozi qaysi tomonga og‘ayotganiga oydinlik kiritadi. Bir so‘z bilan aytganda, telebahs nomzodlarning siyosiy nufuziga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan qiziqarli o‘tishi kutilyapti.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!