O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 20 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Turkiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi O.Bekarni qabul qildi.

Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning sermazmun kun tartibi, jumladan, investisiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ishlab chiqilayotgan loyihalar, dasturlar va tadbirlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Tomonlar qo‘shma investisiya loyihalarining sonini ko‘paytirish va o‘zaro savdo hajmini oshirishga qaratilgan choralarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratdilar. Shu o‘rinda Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasini kelishish yuzasidan olib borilayotgan ishlarni maromiga yetkazishni jadallashtirish bo‘yicha yakdil qarorga kelindi.

Turk investorlarining O‘zbekistondagi faoliyati bilan bog‘liq bir qator masalalar ham tilga olindi. Tomonlar ularning yechimini topish algoritmlarini muhokama qilib, tegishli loyihalarni ilgari surish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgilab olishdi. O‘zbekiston tomoni turkiyalik tadbirkorlar bilan yaqin hamkorlik qilish va yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda ularga tezkor amaliy yordam ko‘rsatishga sodiqligini bildirdi.

Alohida tartibda ikki mamlakatning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini kengaytirish va tranzit salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi. Ikki davlatni bog‘lovchi transport yo‘laklaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish uchun ikki tomon vakillaridan iborat ekspert guruhini tuzishga kelishildi.

Uchrashuv yakunida yuqoridagi masalalarning joriy holatini o‘rganish va ularni hal etishga doir zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan alohida “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.


    Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

    Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

    Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!