O‘zbekiston Prezidenti Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyuradi

O‘zbekiston Prezidenti Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyuradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayon taklifiga binoan joriy yilning 24-26 mart kunlari rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘ladi.

Tashrif dasturidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Abu Dabi Amirligi valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon hamda BAA vise-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan uchrashuvlari o‘rin olgan.

Muzokaralar kun tartibiga ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, innovasion, bank-moliya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy aloqalarni mustahkamlash masalalari kiritilgan.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi.

Tashrif yakunida O‘zbekiston Respublikasi va BAA o‘rtasida Qo‘shma bayonotni qabul qilish, investisiyalar, moliya, qayta tiklanadigan energetika, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, bojxona ma’muriyatchiligi, mehnat resurslari, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Masdar-siti texnoparki faoliyati bilan tanishishi, qator sanoat, ijtimoiy va boshqa ob’ektlarga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Manba: darakchi.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!