Turkmaniston xorijdan kelganlar uchun karantinni 21 kunga uzaytirdi

Turkmaniston xorijdan kelganlar uchun karantinni 21 kunga uzaytirdi

Turkmanistonda xorijdan qaytgan fuqarolar uchun karantin muddati 14 kundan 21 kunga uzaytirildi. Bu haqda Asia Plus xabar berdi.

Avvalroq ba’zi odamlar karantin lagerlarida 21 kunni o‘tkazayotgani haqida mustaqil OAVlarda xabarlar paydo bo‘lgan. Biroq barcha manbalar ham bu ma’lumotni tasdiqlamagan.

Turkmanistonning rasmiy OAVlari mamlakatda koronavirus yo‘q ekanligi haqidagi pozisiyani butun yoz davomida ta’kidladi. Biroq Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi ochilishida nutq so‘zlagandi va unda mamlakatda koronavirus yo‘qligi yoki borligi haqida biror so‘z aytmagan. U faqat bu infeksiyaning dunyo miqyosidagi xavfi haqida gapirgan.

Turkmanistonning boshqa davlatlar bilan doimiy qatnovlari to‘xtatilgan, biroq avgust oyidan buyon xorijda qolgan fuqarolarni qaytarish bo‘yicha reyslar amalga oshirilmoqda. Bu reyslar bilan kelganlar karantin lagerlariga joylashtirilmoqda.

«Turkmen.news» nashri Lebap viloyatidagi karantin lageri aks etgan suratni e’lon qilgan va u yerda karantin o‘tagan kishi bilan suhbat qilgan. Suratda fuqarolar antisanitar sharoitlarida saqlanayotganini ko‘rish mumkin.

Karantinda bo‘lgan kishining aytishicha, yaxshi ovqat, toza to‘shak va hatto toza suvni faqat qarindoshlardan olish mumkin. Lagerda yashovchilarning telefonlari olib qo‘yiladi, shuning uchun internetda u yerdagi holatlar haqida juda kam surat chiqqan.

Bugungi kunda Turkmaniston va Shimoliy Koreya aholisi bir milliondan ortiq bo‘lgan va hukumatlari koronavirus yo‘qligini ta’kidlayotgan so‘nggi davlatlar bo‘lib qolmoqda.

Avvalroq  Turkmanistonda xorijliklar uchun mamlakatga kirish cheklovi 2021 yilga qadar uzaytirilgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!