Tanqid qilingan o‘quvchilarning ota-onalari “O‘zbekiston 24” telekanalini sudga bermoqchi

Tanqid qilingan o‘quvchilarning ota-onalari “O‘zbekiston 24” telekanalini sudga bermoqchi

"O‘zbekiston 24" kanalida efirga uzatilgan ko‘rsatuvda tanqid qilingan Toshkent shahridagi 110-maktabning direktori yuz bergan holat bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligiga shikoyat qilmoqchi. Lavhada ko‘rsatilgan o‘quvchilarning ota-onalari esa “O‘zbekiston 24”ni sudga bermoqchi. Bu haqda "Turon 24" manbasi xabar bermoqda.

Xalqaro press-klubning "O‘zbekiston 24" kanalida efirga uzatilgan navbatdagi sessiyasida poytaxtdagi bir qator maktablarda o‘qituvchi va o‘quvchilarning formasi talabga javob bermasligi haqida so‘z boradi. Lavhada kalta yubka kiygan, soch o‘stirgan, yuzlarini bo‘yagan o‘quvchilar bilan birga o‘qituvchilar ham tanqid qilingan, biroq ularning yuzlari ko‘rganlar tanimas darajada xiralashtirilmagan, ya’ni aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilinmagan.

Mavzkur lavha ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan. Bu haqda fikr bildirganlarning aksariyati jurnalistlarning xatti-harakatlarini keskin qoralagan, bunday lavhani efirga uzatgani uchun telekanal rahbariyatini inson huquqlarini poymol qilishda ayblagan.

"Turon 24"ga ma’lum qilishlaricha, “O‘zbekiston 24” telekanalida efirga uzatilgan lavha Xalqaro press klub tomonidan tayyorlangan bo‘lib, buning telekanalga aloqasi yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov “Facebook”dagi sahifasida “O‘zbekiston 24” telekanalida namoyish etilgan lavhaga o‘z munosabatini bildirib o‘tgan edi. “Etikaga ko‘ra, agar televideniye orqali shaxs roziligisiz biror kishi salbiy obrazda namoyish etilsa, ularni kimdir tanib qolmasligi uchun yuzlarini yopish kerak bo‘ladi. Taraqqiylashgan jamiyatda shaxsni ommaviy tahqirlashga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, ayniqsa bolalarni! Umid qilamanki, kelajakda hurmatli jurnalistlarimiz bunday muhim detallarni hisobga olishadi", – degan edi xalq ta’limi vaziri.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!