Tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf qilib berishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

Tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf qilib berishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Guliston shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ Guliston shahar bo‘limi sobiq mutaxassisi J.G‘. fuqaro SH.D.ning noturar binosiga o‘rnatilgan suv hisoblash uskunasi nosoz holatda ekanligi va suvdan noqonuniy foydalanganligi bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga firibgarlik yo‘li bilan SHD.dan 2,5 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalilar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departament hamda DXXning Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali Asaka tuman gaz bo‘limi mahallada ishlash xizmati boshlig‘i A.U. fuqaro S.YU.ning xonadonida tabiiy gaz ta’minotidan 2,9 mln so‘m qarzdorligini o‘chirib, yangi hisoblagich o‘rnatishi hamda boshqa hisob-raqam ochib berishi evaziga o‘z xizmat xonasida 1,5 mln so‘mni olgan vaqtida ushlangan.

Departamentning Paxtaobod tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, Paxtaobod tuman elektr ta’minotining elektromontyori J.K. fuqaro M.N.ning ishonchiga kirib, uning yashash xonadonida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotganligi bo‘yicha dalolatnomasi rasmiylashtirmaslik evaziga muqaddam 200 AQSh dollari va 3 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, yana 600 ming so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!