Surxondaryoda erkak o‘z qaynonasini do‘pposladi. Sababi ham ma’lum

Surxondaryoda erkak o‘z qaynonasini do‘pposladi. Sababi ham ma’lum

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida yashovchi fuqaro SH.M. o‘z yashash uyida shar’iy nikoh asosida ikkinchi bor uylanib yashab yurgan. Shu bois uning rasmiy nikohida bo‘lgan turmush o‘rtog‘i M.A. bilan o‘rtalarida oldindan kelishmovchilik bo‘lgan.

Ana shunday kunlarning birida erkak rasmiy nikohida bo‘lgan ayoli M.A. va uning onasi, ikki opasi bilan tortishib qoladi. Tortishuv vaqtida qaynonasi J.X.ga qo‘l ko‘tarib qasddan tan jarohati yetkazadi.

Ayolning yuz, ko‘z va bosh sohalariga bir necha marotaba qo‘llarini musht qilib, qasddan urgani bois, “o‘ng va chap ko‘z yuqori va pastki qovoqda teri osti qon quyilishlari, ikkala ko‘z kontuziyasining yengil darajasi, bosh miyaning chayqalishi” ko‘rinishidagi sog‘liqning qisqa vaqt yomonlashuvi sodir bo‘ladi.

Shuningdek ayolining opalari, ya’ni qayni opalarining ham salomatligining yomonlashuviga olib keluvchi jarohatlar yetkazadi.

Sudlanuvchi SH.M. sud majlisida aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, ayoli va uning oila a’zolari tomonidan o‘z onasiga nisbatan ortiqcha harakatlar va haqoratli so‘zlar ishlatilgani bois shunday yo‘l tutganini bildirgan.

Shuningdek, turmush o‘rtog‘i kasalligi sababli uning roziligi bilan tumanning “Uzumzor” mahallasida yashovchi YU.J.ga shar’iy nikoh asosida uylanganini, turmush o‘rtog‘ining qarindoshlari buni qabul qila olmay janjal ko‘targanini aytib o‘tgan.

U o‘z qilgan ishidan pushaymonligi, aybiga iqrorligi, jabrlanuvchilardan kechirim so‘rashini, oilasi bilan yarashib, bolalari va xotinini uyiga qaytarib olib kelmoqchi ekanligini bayon qilib, suddan qonuniy yengillik berishni so‘ragan.

– Sudlanuvchi va uning turmush o‘rtog‘i ushbu mahallaga bir yarim yillar oldin ko‘chib kelgan, – deydi tumandagi “Pahlavon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi o‘rinbosari Z.Ikmatova. – Ular ijarada yashaydi, bu oila oldingi yashagan “Tog‘ay Murod” mahallasida ham nizoli oila ro‘yxatida turgan. SH.M. boshqa ayolga shar’iy nikoh asosida uylangan ham. Shu bois oilada er-xotin o‘rtasida doimiy ravishda janjal bo‘lib kelgan. Bir necha marotaba mahallada muhokama qilinib, yarashtirmoqchi bo‘ldik, ammo ayoli M.A. erining xiyonatini kechirmasligin va, yarashmasligini aytgan.

Sud davlat ayblovchisining xulosasi sudlanuvchi, jabrlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatuvlarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqib, sudlanuvchi SH.M.ning aybi o‘zining iqrorlik bildirib bergan ko‘rsatuvlaridan tashqari jinoyat ishida to‘plangan hujjatlar bilan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 95-moddasi tartibida tekshirilgan dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topdi, deb hisoblaydi. Sud, sudlanuvchi SH.M.ning harakatlarida jazoni yengillashtiruvchi yoki og‘irlashtiruvchi holatlar yo‘q, degan xulosaga keldi.

SH.M. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 109-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilib, 9 (to‘qqiz) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tayinlangan jazo manzil-koloniyalarda o‘talishi belgilandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinsoy tuman sudi sudyasi I.Abrayevning ma’lum qilishicha, hukmdan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan boshlab, sudlanuvchi va jabrlanuvchilar hukm nusxasini olgan kundan boshlab o‘n sutka ichida shu sud orqali jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudiga apellyasiya tartibida, hukm qonuniy kuchga kirgach kassasiya tartibida shikoyat berishi yoki protest bildirishi mumkinligi tushuntirilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!