Sunnatning Qur’on bilan nasx bo‘lishi

Sunnatning Qur’on bilan nasx bo‘lishi

Sunnatning Qur’on bilan nasx bo‘lishiga hamma ittifoq qilgan va buning namunalari juda ham ko‘p.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madiynai Munavvaraga hijrat qilib kelganlaridan so‘ng, Baytul Maqdis tomonga qarab namoz o‘qishni boshlaganlar. Qibla o‘sha tomon bo‘lgan. Shuning uchun ham, Quddusi sharifni hozirgacha «ikki qiblaning birinchisi» deb ataladi.

Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan o‘n olti oy yoki o‘n yetti oy Baytul Maqdis tomonga namoz o‘qidik. So‘ngra Ka’ba tomonga burilindik».

Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madiynai Munavvaraga kelishlari Robi’ul Avval oyida bo‘lgan. Qiblaning Ka’ba tomon burilishi esa, hijriy ikkinchi yilning Rajab oyi o‘rtalarida bo‘lgan. Shu ikki muddat ichida Baytul Maqdis qibla bo‘lib turgan.

So‘ng «Baqara» surasida quyidagi oyat tushib, sunnat bilan sobit bo‘lgan hukmni nasx qilgan va Ka’ba qibla bo‘lgan.

«Goho yuzingning osmonga tez-tez burilganini ko‘ramiz. Bas, albatta, seni o‘zing rozi bo‘lgan qiblaga qaratamiz. Yuzingni Masjidul Harom tomon bur. Qayerda bo‘lsangiz ham, yuzingizni u tomon buringiz» (144-oyat).

– Dastlab, ro‘za farz bo‘lgan vaqtida iftor vaqti quyosh botgandan to xufton namozi vaqti kirguncha bo‘lgan, xolos. Agar o‘sha vaqt ichida iftor qilib olinmasa, undan keyin yana iftor vaqti kelmaguncha yeb-ichishga ruxsat bo‘lmagan.

Shuningdek, ro‘za paytida kechasi ham eru xotin jinsiy yaqinlik qilishlariga ruxsat bo‘lmagan.

Keyinchalik Alloh taolo Qur’oni Karimning «Baqara» surasidagi quyidagi oyatni nozil etib, sunnat ila sobit bo‘lgan ushbu hukmni nasx qildi:

«Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringizga yaqinlik qilish halol qilindi. Ular sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz. Alloh sizning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni bildi, tavbangizni qabul etdi va sizlarni afv etdi. Endi ularga yaqinlashavering va Alloh sizga yozgan narsani talab qiling. Tong paytida oq ip qora ipdan ajraguncha yeb-ichavering» (187-oyat).

– Ba’zi ulamolarning ijtihodlariga qaraganda, Ashuro kuni ro‘zasini tutish sunnat ila vojib bo‘lgan. So‘ngra Alloh taolo Ramazon ro‘zasini tutish haqidagi oyatlarni nozil qilib, bu hukmni nasx etgan.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!