Sirdaryoda Qizil kitobga kiritilgan lochinlarni 280 million so‘mga pullamoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi

Sirdaryoda Qizil kitobga kiritilgan lochinlarni 280 million so‘mga pullamoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi

Amaldagi tartiblarga ko‘ra, hayvonot dunyosi ob’ektlarini respublikamiz hududiga olib kirish yoki olib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni himoya davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.

Respublikamiz bojxonachilari mazkur tartiblarga rioya qilmay noyob turdagi qushlarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tishga uringan shaxslarni to‘xtatib qolishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Dunyo bo‘ylab yo‘qolib borayotgan noyob jonzotlarni asrab-avaylashda, xususan ularning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishining oldini olishda davlat bojxona xizmati organlarining roli muhim ahamiyat kasb etadi.

Yaqinda Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasining tezkor tuzilmalari tomonidan davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan lochinlarni ona tabiatdan ajratib olib, pullashga uringan shaxslar to‘xtatib qolindi.

Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi “Kamaz” yuk avtotransport vositasi “Sirdaryo” chegara bojxona postida to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, salondagi sport sumkasiga 8 bosh lochinlar yashirilganligi fosh bo‘ldi. Boz ustiga qushlarga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lingan, jonzotlar sumkaga ularning hayoti uchun xavfli tarzda zichlab joylashtirilgan.

Shu kuni tezkor tadbir Sirdaryo tumanida ham davom ettirilib, ushbu qushlarni sotib olayotgan shaxs ham qo‘lga olindi.

Mazkur holatda ushlab qolingan 8 bosh lochinlar O‘zbekistonning 2019 yilda chop etilgan Qizil kitobiga kiritilgan va tabiatan kamyob hisoblanadi hamda ularni ovlash taqiqlangan. Lochinlarning 6 tasi Qizil kitobga Itolg‘i nomi bilan kiritilgan bo‘lib, ular tobora yo‘qolib borayotgan tur hisobanadi.

Surishtiruvlar davomida ma’lum bo‘lishicha, qonunbuzarlar ushbu qushlarni 280 mln. so‘mga pullamoqchi bo‘lishgan.

Hozirda lochinlar Toshkent hayvonot bog‘iga vaqtincha saqlovga topshirildi va mutaxassislarning doimiy nazorati ostida parvarishlanmoqda.

Holat yuzasidan esa bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!