Shoshmang! YPX xodimida videokamera bo‘lishi shartligi haqidagi talab kechiktiriladiganga o‘xshamoqda

Shoshmang! YPX xodimida videokamera bo‘lishi shartligi haqidagi talab kechiktiriladiganga o‘xshamoqda

O‘zbekistonda 1 iyuldan YPX xodimida videokamera bo‘lishi shart edi, bodi-kamerasi yo‘q YPX xodimiga haydovchi hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga egaligi kechagina ham eslatilayotgandi. Ammo bu tartib, aftidan, 2019 yil 1 iyuldan kuchga kirmaydi.

@xushnudbek ning yozishicha, IIV 14 iyun kuni regulation.gov.uz portaliga Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qaroriga bir qator o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini joylashtirgan. Unga ko‘ra, bodi-kameraga oid talablarning kuchga kirishini 2019 yil 1 iyulidan 2020 yil 1 yanvarigacha kechiktirish nazarda tutilmoqda.

«Bu nima degani, bilasizmi? Bu hukumat qarorlari qay darajada o‘yinchoq bo‘lib qolganini ko‘rsatadi. Kim nimani xohlasa, shuni qilyapti. Hozir xohlasa 2020 yil 1 yanvargacha uzaytirishadi, undan keyin xohlasa 2030 yil 1 yanvargacha uzaytirishadi, undan keyin xohlasa butunlay bekor qilib yuborishadi», — deb yozadi Xushnudbek.

Bundan tashqari IIV o‘z loyihasida boshqa o‘zgarishlarni ham taklif etgan. Jumladan, haydovchilar o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga YPX xodimi bilan o‘zaro munosabati qayd qilingan ma’lumotlarni internetga ruxsatsiz joylashtirmasligi haqida talab qo‘shilmoqda. «Buning uchun o‘sha YPX xodimidan ruxsat olish kerak emish».

«Bu nima uchun qilinyapti, YPX xodimlarining xatolari, qonunga xilof harakatlarini birovlar ko‘rmasligi uchunmi? YPX xodimi davlat idorasining vakili hisoblanadi va jamoatchilik nazorati nuqtai nazaridan uning harakatlari ommaviy e’lon qilinishi mumkin. Bu fuqarolarning axborot olish va tarqatishga oid konstitusiyaviy huquqi bilan chambarchas bog‘liq», — deb yozadi Xushnudbek.

Xullas, IIVning bir-biridan ajoyib takliflari aks etgan loyiha 29 iyungacha muhokama qilinadi. Siz ham muhokamada qatnashing va fikrlaringizni qoldiring.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!