Rossiya parlamenti Putinning hokimiyatda yana 16 yil qolishini qo‘llab-quvvatladi

Rossiya parlamenti Putinning hokimiyatda yana 16 yil qolishini qo‘llab-quvvatladi

Vladimir Putinning 2024 yilda yana prezidentlikka saylanishiga imkon beradigan konstitusiyaviy o‘zgarishlar Rossiya parlamentining ikkala palatasida ham qo‘llab-quvvatlandi.

Parlamentning 450 o‘rinli quyi palatasida 383 nafar deputat Vladimir Putinning prezidentlik muddatini tiklashni qo‘llab-quvvatladi. Hech kim bunga qarshi ovoz bermadi va 43 nafar deputat betaraf qoldi. Bundan bir necha soat o‘tgach, parlamentning 170 o‘rinli yuqori palatasining 160 nafar a’zosi bu o‘zgartirishga “ha” deb javob bergan bo‘lsa, bir kishi bunga qarshi chiqdi hamda 3 kishi betaraf qoldi.

Yigirma yildan beri Rossiya siyosatini prezident yoki bosh vazir sifatida boshqarib kelayotgan 67 yoshli Putin 10 mart kuni parlamentning quyi palatasida dramatik chiqish qilib, prezidentlikka qo‘yiladigan muddatning cheklanishi hozirgi inqiroz davrida ahamiyatsiz ekanligini ta’kidlagandi.

Agar aprel oyida bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida bu o‘zgarish qo‘llab-quvvatlansa, Putin 2024 yilda yana prezidentlikka saylanish imkoniga ega bo‘ladi. Bu bilan Vladimir Vladimirovich 6 yildan 2 marta prezidentlikka saylanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, agar Putin Rossiyani 2036 yilgacha boshqarsa, bu bilan Vladimir Vladimirovich uzoq vaqt hukmronlik qilish bo‘yicha Sobiq Sovet Ittifoqi rahbari Stalindan o‘zib ketadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!