Qur’ondan ta’sirlangan yigit

Qur’ondan ta’sirlangan yigit

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Imom Sa’labiy rahimahulloh aytadilar: “Abu Muhammad Xalil ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Mas’ud Muzakkar rahimahullohning bunday deganlarini eshitdim: “Ba’zi ulug‘lardan shunday hikoya keltirilgan:

“Mansur ibn Ammor aytadi: “Bir xaroba joyga kirdim. U yerda qo‘rquv bilan namoz o‘qiyotgan yigitni ko‘rdim. Ichimda: “Albatta, bu yigitda bir gap bor. Ehtimol, u Alloh azza va jallaning valiy do‘stlaridandir” dedim. Namoz o‘qib bo‘lgunicha kutib turdim. Namozidan salom bergach, unga salom berdim. U alik oldi. Unga: “Jahannamda bir vodiy borligini bilmadingizmi? Alloh taolo u haqida shunday degan:

كَلَّا إِنَّهَا لَظَى

“Yo‘q! Albatta u(jahannam) kuchli alangadir”.

نَزَّاعَةً لِّلشَّوَى

“Boshning terisini sidirib oluvchidir”. (Bosh terisi shilib olingan do‘zaxiyga Alloh taolo yana yangi teri ato etadi. Jahannam o‘ti esa yana uni shilib oladi va shu tariqa to‘xtovsiz davom etaveradi).

تَدْعُو مَنْ أَدْبَرَ وَتَوَلَّى

“U chaqiradir; orqaga ketgan va yuz o‘girganni”. 

(Maorij surasi, 15-17-oyatlar).

Oyatni eshitgan yigit chuqur nafas oldi-da, ho‘ngrab yig‘lab yubordi, oh tortdi-yu, hushidan ketdi. O‘ziga kelganda, menga: “Yana Qur’on oyatidan o‘qib bering!” dedi. Men:

وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ

“Yoqilg‘isi odamlar va tosh bo‘lgan” (Baqara surasi, 24-oyat) degan oyatni o‘qidim. Oyatni eshitishi bilanoq joni uzilib, yerga yiqildi.

Libosini ko‘tarib, ko‘ksini ochsam, ko‘kragi ustiga:

فَهُوَ فِي عِيشَةٍ رَّاضِيَةٍ

“Bas, u rozilik hayotidadir”.

فِي جَنَّةٍ عَالِيَةٍ

“Oliy jannatdadir”.

قُطُوفُهَا دَانِيَةٌ

“Uning mevalari yaqindir” (Haaqqoh surasi, 21-23-oyatlar) degan oyatlar yozilganini ko‘rdim.

Kech bo‘lgach, uyquga yotdim. Tushimda uni karavot ustida, boshiga toj kiyib o‘tirgan holda ko‘rdim. Undan: “Alloh taolo seni nima qildi?” deb so‘radim. Shunda u: “U Zot menga Badr ahlining savobini berdi va yana ziyoda qildi” deb javob berdi. Men yana undan: “Nega senga ularning savobi mislicha savob berdi?” desam, u: “Chunki, ular kofirlarning qilichlari bilan o‘ldirildilar. Men esa Malikul G‘afforning qilichi bilan o‘ldirildim” deya javob berdi”.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!