Qashqadaryolik direktor o‘limidan avval xat qoldirdi. Prokuratura ishni o‘rganmoqda

Qashqadaryolik direktor o‘limidan avval xat qoldirdi. Prokuratura ishni o‘rganmoqda

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida maktab direktori o‘z joniga qasd qilgan. Bu haqda xabar bergan "Nasafnews"saytining yozishicha, direktor o‘limidan oldin xat yozib qoldirgan.

Xatda “Hurmatli ustoz kasbdoshlar, har qanday sharoitda ham korrupsiyaga yo‘l qo‘ymang. Maktabda o‘tirgan ’to‘nkalarʼ ham qimirlasin. Kimligini bildingiz. O‘shalarga yaratgandan insof tilab qolaman. Xalq bolasining ko‘zini o‘ymang. Sizlardan ham iltimos”, degan jumlalar bor.

«Daryo»ning aniqlik kiritishicha, o‘z joniga qasd qilgani aytilayotgan maktab direktori Kitob tumanining “Yangi qishloq” hududida joylashgan 13-maktabga rahbarlik qilib kelayotgan 47 yoshli T.N. bo‘lgan.

Voqea 2020 yil 31 avgust kuni sodir bo‘lgan.

“Aprel yoki may oylari edi, marhumning IIBda ishlovchi ukasi Sh.T. yonimga kelib, akam ichkilikka berilib qolgan. Davolatganmiz, ammo foydasi bo‘lmayapti. Shuning uchun ishdan bo‘shatib yuboring. Sizlarni ham, bizni ham qiynab qo‘ymoqda, dedi”, — deydi Kitob tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Avloqul Avlayev.

Mudirning qo‘shimcha qilishicha, marhum tumandagi 13-maktabda 2018 yildan beri rahbarlik qilib kelgan.

“Jamshid ismli xodimim marhum 2020 yil 31 avgust kuni o‘zini osib qo‘yganini aytgandi. 1 sentyabr kuni dafn marosimida qatnashdik. O‘shanda yaqinlari marhumni yurak xastaligidan vafot etdi deyishgandi. Shunday bo‘lsada, Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda tuman IIBga ham xabar berdim”, — deydi tuman XTB mudiri.

“O‘sha maktabda 2019 yilgacha "kuratorlikʼ qilganman. Shu boisdan ham maktab va jamoani yaxshi bilaman. Menga ham 31 avgust kuni tushdan so‘ng qo‘ng‘iroq qilib, direktor o‘zini osib qo‘yganini aytishdi. Men esa bu haqda darhol bo‘lim rahbari Avloqul Avlayevga xabar berdim”, — deydi Jamshid Azimov.

XTB mudirining qo‘shimcha qilishicha, marhum dafn etilgach, odamlar orasida marhum direktor «zamdirektor» bilan kelishmas ekan, katta nizosi bor ekan, degan gap-so‘zlar tarqalgan. Shuningdek, marhumning opasi ham bu haqda tuman prokuraturasiga shikoyat qilgan.

"Hozirda mazkur holat yuzasidan Kitob tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tekshirishda marhumning yaqin qarindoshlari murdani sud-tibbiyot ekspertizasi ko‘rigidan o‘tkazmaslik maqsadida yurak hurujidan vafot etgani vaji bilan jasadni ko‘mib yuborishganligi aniqlangan.

Hozirda tuman xalq ta’limi, ichki ishlar bo‘limlari hamda maxalla va oilani qo‘llab-quvvatlash markazi tuman bo‘limining mutasaddi xodimlari harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

Tekshirish harakatlari davom etmoqda", deyiladi xabarda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!