Qashqadaryoda 19 ming nafarga yaqin o‘qituvchi attestasiyadan o‘tmoqda

Qashqadaryoda 19 ming nafarga yaqin o‘qituvchi attestasiyadan o‘tmoqda

Qashqadaryo viloyatida salkam 19 ming nafar o‘qituvchi malaka imtihonlaridan o‘tmoqda. Bu haqda “Daryo”ga xabar bergan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Javohir Rustamovga ko‘ra, attestasiya jarayonlari joriy o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi.

Malaka sinovlari pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazining sport zali hamda faollar zalida o‘tkazishi belgilangan bo‘lib, binolar zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalari bilan jihozlangan. 200 dona kompyuter stollarining atrofi o‘ralib, 8 ta kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Hamda onlayn translasiya yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, o‘qituvchilar buyumi va kiyimlarini saqlash uchun joy tayyorlangan. Yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i ulanib, birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish xonasi tayyor holatda keltirilgan, — deydi Javohir Rustamov.

Mas’ulga ko‘ra, pedagoglarga malaka toifasini berish amaliyoti takomillashtirilib, inson omilisiz o‘tkaziladigan yangi tizim joriy qilingan.

Ushbu tizim asosida malaka toifasini olish bo‘yicha sinovlar bir yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkazilishi belgilandi. Birinchi bosqichda – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi baholanadi. Bunda pedagoglarga mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savoli beriladi. Ikkinchi bosqichda – pedagogik mahorati baholanadi. Bunda pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida 10 ta savol-topshiriq beriladi. Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) o‘tkaziladi. Buning natijasida tashqi aralashuvning oldi olinib, inson omili minimallashtiriladi, — deydi u.

Qashqadaryoda joriy o‘quv yilida attestasiyada ishtirok etish uchun 24 230 nafar pedagog onlayn ariza topshirib, ularning 18 867 nafari ishtirok etishi kutilmoqda.

Malaka sinovlari 2024 yil 15 aprel kuni boshlangan bo‘lib, may oyining yakuniga qadar davom etadi. Attestasiya natijalari QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi, — deydi mas’ul.

Aniqlashtirilishicha, viloyatda faoliyat yurituvchi o‘qituvchilarning 21 ming nafardan ortig‘i 2022 yil attestasiyadan o‘tkazilgan bo‘lib, imtihonlardan 5 ming nafardan ortiq o‘qituvchi o‘tolmagan.

Bugungi kunda viloyatdagi maktablarda 61 ming 705 nafar pedagog faoliyat yuritadi. Ularning 44 foizini toifali o‘qituvchilar tashkil etadi. Shundan 4 362 nafari oliy, 9 273 nafari birinchi, 13 448 nafari ikkinchi malaka toifali, 21 604 nafari mutaxassis lavozimiga ega, 13 018 nafari toifasiz (o‘rta maxsus ma’lumotli, tugallanmagan oliy) o‘qituvchilar hisoblanadi, — deydi Javohir Rustamov.
Mas’ulning qo‘shimcha qilishicha, ayni kunda bo‘lib o‘tayotgan attestasiya jarayonlarining shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida vazir o‘rinbosari Sardor Rajabov Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, jarayonlarni kuzatib bormoqda.

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!