Parrandachilikka xorij texnologiyalari jalb etiladi

Parrandachilikka xorij texnologiyalari jalb etiladi

Parrandasanoat uyushmasi tomonidan Janubiy Koreyaning Detox King Co. Ltd. kompaniyasi bilan hamkorlikda Antibiotiklarning o‘rnini bosuvchi yuqori funksional mineral ozuqa qo‘shimchalari hamda Parranda yetishtirishda ilg‘or texnologiyalar mavzularida amaliy seminar tashkil etildi.

Mamlakatimizda parrandachilik mahsulotlari va parranda chiqindilarini qayta ishlashni tizimli yo‘lga qo‘yish, eksportni kuchaytirish, parrandaning noyob turlarini yetishtirishni ommalashtirish ishlari jadal olib borilmoqda. Bunda sohaga xorijiy investisiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, innovasion ishlanmalarni joriy etish, umuman, rivojlangan davlatlar tajribasidan foydalangan holda zamonaviy parrandachilik klasterlarini barpo etish vazifalari ustuvorlik kasb etmoqda.

Seminarda tomonlar respublikamizda parrandachilikni rivojlantirish maqsadida yaratilgan ushbu qulay sharoitlar, ishlab chiqilgan dasturlar ahamiyati, investorlar uchun ko‘zda tutilgan imtiyozlar xususida fikr yuritdi.

Ta’kidlash joiz, yurtimizda raqobatdosh parranda mahsulotlarini ishlab chiqarish, iste’mol bozorini barqaror va maqbul narxlarda ana shunday oziq-ovqat turi bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, tarmoq korxonalari uchun qator imtiyozlar taqdim etildi, mas’ul tashkilot va muassasalar faoliyatida samarali mexanizm yaratildi.

Xususan, davlatimiz rahbarining qaroriga asosan parrandachilik korxonalari uchun 2021 yil 1 noyabrga qadar import qilinayotgan ozuqa komponentlari, asbob-uskunalar va jihozlar bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan. Bundan tashqari, hujjatda ishlab chiqarishning munosib amaliyoti (GMP Good Manufacturing Practice) sertifikatlariga ega bo‘lgan parrandalar uchun chet el vaksina va biopreparatlari qo‘shimcha muvofiqlik sertifikatlarisiz tan olinishi belgilab qo‘yilgan.

Seminarda xorijiy mutaxassislar sohani rivojlantirish yo‘lidagi ana shu jihatlarni ham yuqori baholadi. Bunday imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini olib borishga kelishib oldilar.
Manba: xs. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!