Noqonuniy bo‘shatilgan bog‘chaning musiqa o‘qituvchisi ishga qayta tiklandi

Noqonuniy bo‘shatilgan bog‘chaning musiqa o‘qituvchisi ishga qayta tiklandi

Andijon shahrida yashovchi Hidoyatxon Akbaraliyeva uch yildan buyon shahardagi 20-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida musiqa rahbari lavozimida ishlab keladi. Shu davr mobaynida bolajonlarning sevimli ustoziga aylanib ulgurgan Xidoyatxon so‘nggi paytda turli sabablar tufayli rahbariyat bilan kelisholmay qoldi. Bosimlardan charchagan fuqaro joriy yilning iyun oyi o‘rtalarida o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan bo‘shatishlarini so‘rab, ariza beradi. Arizani taqdim qilayotganida unga sana qo‘ymasligini aytib, qabul qilib olishadi.

Biroq ish beruvchi 15 iyun sanasida taqdim qilingan arizani o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaydi. Qonunchilikda belgilangan muddat o‘tib ketgan bo‘lsada ishdan bo‘shatilmagan Xidoyatxon o‘z ishini davom ettirib keladi. Joriy yilning 22 iyul kuni muassasa rahbariyati X.Akbaraliyevaga o‘z arizasiga muvofiq 15 iyuldan ishdan bo‘shatilganligi bildiriladi.

Huquqlari poymol bo‘layotganini payqagan X.Akbaraliyeva viloyat adliya boshqarmasiga noqonuniy ishdan bo‘shatilganligidan norozi bo‘lib, ishga qayta tiklashda yordam so‘rab, murojaat qildi. Uning murojaati boshqarmaning inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi tomonidan tegishli tartibda o‘rganib chiqildi.

O‘rganish davomida X.Akbaraliyevaning o‘z xohishiga ko‘ra, yozgan arizasida 2022 yil 1 iyuldan ishdan bo‘shatish so‘ralgan bo‘lib, imzo qismida ham aynan ushbu sana qayd etilganligi, ish beruvchi tomonidan buyruq joriy yilning 15 iyul sanasidan rasmiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari murojaatchi ishdan bo‘shaganlik haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan hamda mehnat daftarchasi taqdim qilinmaganligi o‘z tasdig‘ini topdi.

Vaholanki, Mehnat kodeksining 99-moddasining 4-xatboshida xodim tomonidan ishdan bo‘shash haqidagi ariza berilgandan so‘ng «Agar ogohlantirish muddati tugagandan keyin xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmagan va mehnat munosabatlari davom etayotgan bo‘lsa, xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi ariza o‘z kuchini yo‘qotadi, bunday holda mehnat shartnomasini shu arizaga muvofiq bekor qilishga esa yo‘l qo‘yilmaydi» deb belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi buyruq nusxasini xodimga berishi kerak edi.

O‘rganish davomida Andijon shahar 20-sonli davlat MTT mudirasi Z.Samiyeva hamda kadrlar bilan ishlash vazifasi yuklatilgan uslubchi xodim Z.Murodovalar xodimning buyrug‘ini rasmiylashtirishda haqiqatdan ham qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘yganliklari aniqlandi.

Yuqoridagilarga asosan, Adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro X.Akbaraliyevani o‘z ish joyiga tiklash hamda qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.

Taqdimnoma ijrosi natijasida, Xidoyatxon Akbaraliyeva ishga tiklandi. Qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan uslubchi xodim Z. Murodovaga esa «Hayfsan» intizomiy jazosi berildi.

Akmaljon Azimov,
Andijon viloyat adliya boshqarmasi
Inson huquqlarini himoya
qilish bo‘limi boshlig‘i.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!