Namanganda YHXB inspektoriga pora bermoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga tushdi

Namanganda YHXB inspektoriga pora bermoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga tushdi

Mamlakatimizda korrupsiya va ta’magirlikka qarshi keskin choralar ko‘rilayotgan, targ‘ibot ishlari olib borilayotganiga qaramasdan oramizda davlat xizmati va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itish holatlari ham afsuski, uchrab turibdi.
Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida istiqomat qiluvchi, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro ham yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash borasida xizmat burchini ado etayotgan davlat avtomobil nazoratiga bevosita mas’ul xodimga pora berish payida bo‘ldi.

Gap shundaki, endigini 34 yoshni qoralagan haydovchi joriy yilning 28 may kuni soat 03.00 larda o‘z boshqaruvidagi “Chakman” rusumli yuk avtomashinasiga belgilangan me’yoridan ortiqcha yuk ortganligi sababli unga nisbatan Pop tumani “Qo‘shminor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida xizmat olib borayotgan viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l patrul xizmati 1-safarbarlik guruhi inspektori tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishga kirishadi. Bu vaqtda, haydovchi avtomashinasini ortiqcha yuk bilan o‘tkazib yuborishlik evaziga 500 000 so‘m pul berishni aytib, xodimga pora taklif qiladi.

O‘z kasbiga sadoqatli, xizmat burchini unutmagan YHXB xodimi bu haqida yuqori turuvchi boshqarmaga bildirgi kiritadi. Uning murojaatiga asosan, o‘sha kunning o‘zida Ichki ishlar vazirligi O‘z xavfsizligi boshqarmasi Namangan viloyati bo‘yicha bo‘limi hamda Pop tumani prokuraturasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkaziladi.

Tadbir davomida, haydovchi Qo‘shminor mahallasida joylashgan savdo do‘koni oldida viloyat IIB YHXB YPX 1-safarbarlik guruhi inspektoriga 395 000 so‘m pullarni pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan shu yil 23 iyul kuni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Pop tumani bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!