Namanganda to‘yona mojarosi dahshatli qotillik bilan yakun topdi

Namanganda to‘yona mojarosi dahshatli qotillik bilan yakun topdi

To‘y qilib yurtga osh berish azaliy qadriyatlarimizdan. Biroq kishiga xursandchilik bag‘ishlaydigan bu marosimning isrofgarchilik va ortiqcha oldi-berdilar harakatiga aylanib borayotgani g‘oyatda taassuflidir. Hoyu havasning ketidan quvish ba’zan dilxiraliklar, hatto oilalarning parokanda bo‘lishiga olib kelayotgani ham haqiqat. Namangan viloyati Pop tumanida sodir etilgan mudhish jinoyat esa to‘yona qilingan gilam mojarosidan kelib chiqdi.

Poplik Baxtiyor Qodirov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) bundan o‘n yil avval opasi Salima Qodirova o‘g‘lining to‘yiga to‘yona sifatida kattagina gilam olib borgan edi. Bu yil qishda Baxtiyor ham o‘g‘li Javlonni uylantiradigan bo‘ldi. Albatta, opa jiyanining to‘yiga quruq kelarmidi?! Biroq pochchasi Akmal Esonov ko‘tarib kelgan chog‘roq gilamdan to‘yboshining ko‘ngli to‘lmay biroz g‘ashi keldi. Ichiga tugib qo‘ygan ekan chog‘i, oradan bir hafta o‘tmay «Sizlar mening to‘yimga kichik gilam olib keldingiz, men katta va qimmatidan bergan edim», deb ichib olganicha opasining uyiga janjal ko‘tarib bordi. U yerda pochchasi bilan boshlagan janjali mushtlashishgacha borib yetadi. Buni ko‘rgan Akmal Esonovning o‘g‘li tog‘asini do‘pposlab uyiga jo‘natib yuboradi. Shu bilan ikki oila o‘rtasida kelishmovchilik ildiz otadi.

Otasini o‘z jiyani kaltaklaganini eshitgan Javlon Yo‘ldoshev ukasi va otasini olib, qassobchilikda foydalaniladigan bolta bilan ammasining uyiga yetib boradi. Darvoza eshigini qo‘lidagi bolta bilan bir necha bor urib, jiyani Shavkatni chaqiradi. Baqir-chaqir va to‘polondan xabar topgan qo‘shnilar Javlonni tinchlantirishga urinib, uning qo‘lidagi boltani olib qo‘yishadi. O‘zini esa mashinaga o‘tirgizib, uyiga jo‘natib yuborishga harakat qiladilar. Jahl chiqqanda aql qochadida... Fikru xayolini o‘ch olish qamragan Javlon mashina salonidagi osh pichoqni olib, Shavkat bilan yana janjallashni davom ettirdi. Oxir-oqibatda esa o‘z jiyanining ko‘ksiga ikki marta pichoq uradi. Jabrlanuvchi Shavkat Esonov olgan tan jarohati sababli voqea joyida vafot etadi.

— Sud mazkur jinoyatning barcha tafsilotlarini o‘rganib, guvohlar fikrini tinglagach o‘z qarorini chiqardi, — deydi Namangan viloyat sudi sudyasi Ilyosjon Usmonov. — Unga ko‘ra, Javlon Yo‘ldoshev Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan ayblanib, umrining 16 yilini panjara ortida o‘tkazadigan bo‘ldi.

Aslida arzimagan to‘yona sabab yosh bir yigit juvonmarg bo‘ldi. Yana bir yigit umrining eng kuch-quvvatga to‘lgan yillarini kamoqda o‘tkazadi. Opa-uka, qarindosh-urug‘lar o‘rtasiga tushgan «muzlik»chi? Yillar o‘tib erirmikan? Bu endi vaqtning hukmiga havola.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!