SSV: Kasallikka qarshi kurashish borasidagi O‘zbekiston tajribasi JSST tomonidan namuna sifatida ko‘rsatildi

SSV: Kasallikka qarshi kurashish borasidagi O‘zbekiston tajribasi JSST tomonidan namuna sifatida ko‘rsatildi

Poytaxtimizda “Pandemiyaga qarshi tayyorgarlik: ilmiy asoslar va amaliy yechimlar” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilmoqda.

Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda qator xalqaro tashkilotlar vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Anjumanni sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchisi Asilbek Xudayarov kirish so‘zi bilan ochib berdi:

— Bugun mamlakatimizda tibbiyot sohasini tubdan takomillashtirish, uni xalqimizni rozi qiladigan tizimga aylantirish, “Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish bosh mezonga aylangan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlashning muhim tizimi bo‘lgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga ham alohida e’tibor qaratilib, soha nufuzini oshirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida qator ishlar amalga oshirilayotgani e’tiborga molik.

Kasallikni davolashdan ko‘ra, uni oldini olish afzalligi to‘g‘risida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Bu ishlar, avvalo, epidemiyaga qarshi hamda maqsadli emlash tadbirlari bilan uyg‘un holda olib borilmoqda. Bularni so‘nggi yillarda ayrim yuqumli kasalliklar tugatilganligi, ko‘plab xastaliklarning dinamikasi kamayib borayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.

Anjumanda ta’kidlanganidek, pandemiya butun dunyoga dars bo‘ldi, viruslarning o‘zgarishi, yangi infeksiyalarning paydo bo‘lish ehtimoli mavjudligini inobatga olgan holda doimiy ravishda favqulodda vaziyatlarga tayyor bo‘lish davr talabidir. Pandemiyadan olingan saboqlar insoniyatga hozirgi va kelajakdagi muammolarni yengishga yordam beradi.

— Karantin qoidalari yo‘lga qo‘yilgan va kasallik ko‘paygan davrda tizimning barcha xodimlari kasallik o‘choqlarida o‘z sog‘lig‘ini xatarga qo‘yib, yurtdoshlarimiz salomatligini asrashga beminnat hissa qo‘shdi. Davlat rahbarining o‘z vaqtida qabul qilgan to‘g‘ri qarorlari, hukumatning uyushqoqlik bilan olib borgan faoliyati hamda Xalqaro tashkilotlar ko‘magida keltirilgan xastalikka qarshi vaksinalar tufayli O‘zbekiston ushbu kasallikdan juda past ko‘rsatkichdagi talafotlar bilan chiqdi. Virusga qarshi kurashish borasidagi mamlakatimiz tajribasi JSST tomonidan bir necha bor namuna sifatida ko‘rsatildi, — dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi Bahodir Yusupaliyev.

Qayd etilganidek, sohada xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, inson salomatligiga ta’sir etuvchi xavfni aniqlash, omillarni boshqarish, monitoringini olib borish va tahlil qilish maqsadida ko‘plab izlanishlar olib borilib, tizimga zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilmoqda.

Sanepidqo‘mita tomonidan hozirgi kunda yuqumli kasalliklarga qarshi yangi davo choralari, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan pandemiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni rejalashtirish soha xodimlarining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlar amalga oshiriladigan tizimni yetuk mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida qo‘mita huzurida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tashkil etildi.

Xodimlarining sa’y-harakatlari natijasida ta’lim, qurilish, oziq-ovqat va boshqa sohalar bo‘yicha 55 ta sanitariya qoida va me’yorlari xalqaro andozalarga moslashtirilgani, 20 ta tarkibiy laboratoriyalar xalqaro akkreditasiyadan o‘tkazilgani va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda sohani raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahsinga sazovor.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!