Muammo ma’lum, ammo yechim kutilganidek emas

Muammo ma’lum, ammo yechim kutilganidek emas
Parlament quyi palatasining Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan “Oilaviy tadbirlardagi me’yor: muammo va yechim” mavzuida tashkil etilgan davra suhbatida to‘y-hashamlar, oilaviy tantana va marosimlarda paydo bo‘layotgan ma’nisiz rusumlar, yangidan o‘ylab topilgan odatlarning oldini olish masalalari muhokama qilindi.
 
Mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni zamon talabi asosida tashkil etish, inson manfaatlarini ta’minlash, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yaxshilash, yosh oilalarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish yo‘lida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada xalqimizning ezgu qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan – odamlarimizni birlashtirish, ular o‘rtasida o‘zaro ahillik va mehr-oqibat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladigan to‘y va marosimlar muhim o‘rin tutadi.
 
Shu ma’noda, bunday tadbirlar el-yurtimizning madaniyati, ma’naviy saviyasini yaqqol ko‘rsatuvchi omillardan biri sifatida xalqimizning, keng jamoatchilikning doimiy diqqat-e’tiborida turadigan masala hisoblanadi. So‘nggi yillarda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni ixcham, kamxarj qilib o‘tkazish, dabdababozlik, shuhratparastlikka berilmaslik, milliy qadriyatlarimiz va muqaddas dinimizga to‘g‘ri kelmaydigan salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu ishlarni amalga oshirishda jamoatchilik, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalarining ta’siri, ahamiyati kattadir.
 
Jamoatchiligimizning juda katta qismi dabdabali to‘y-hashamlarga qarshi chiqmoqda. Afsuski, bu borada olib borilayotgan tushuntirish ishlari kutilgan natijani bermayapti. Sababi to‘ylar masalasida “mumkin bo‘lgan” va “ortiqcha isrofgarchilik” degan tushunchalar o‘rtasidagi chegarani belgilashda muayyan murakkabliklar mavjud. Boz ustiga, odamlar orasida davom etib kelayotgan hashamatga o‘ch “an’ana”lar aynan ularga kelganda uzilib qolishini istamayotganlar ham yo‘q emas. Bunday kishilar ongida ko‘p sonli mehmonlarni taklif etish – saxiylik belgisi, degan noto‘g‘ri tushuncha ildiz otgan. Natijada oilalarda o‘z moddiy imkoniyati bilan hisoblashmasdan, katta sarf-harajat qilib, so‘ng qarzga botayotgan, sog‘lig‘ini yo‘qotayotgan, oldi-berdilar tufayli yaqin qarindoshlari bilan nizolashib, yuzko‘rmas bo‘lib ketayotganlari ham ko‘paymoqda.
 
Davra suhbati ishtirokchilari milliy qadriyatlarimizni hurmat qilgan holda to‘ylar, oilaviy tantana, ma’raka va marosimlarni ixcham, kamtarona o‘tkazish, o‘ylab topilgan odatlarga barham berish choralarini ko‘rish, bu boradagi munosabatlarni, kerak bo‘lsa, qonunchilik yo‘li bilan tartibga solish lozimligini ta’kidladi. Bu yo‘nalishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari samaradorligini oshirish, shunday hamkorlikning huquqiy asosini takomillashtirish borasida takliflarni ilgari surdi.
Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!