Mirziyoyev Usmon Qur’onini bezavol saqlashni topshirdi

Mirziyoyev Usmon Qur’onini bezavol saqlashni topshirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston islom sivilizasiyasi markazi qurilishi jarayonini ko‘zdan kechirib, Usmon Qur’onini bezavol saqlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

“Prezidentimiz Usmon Qur’onini bezavol saqlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Uni talabga mos harorat va yorug‘lik darajasini ta’minlagan holda saqlash, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha davlatimiz rahbari ko‘rsatmalar berdi”, - deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

O‘tgan yili iyunda O‘zbekiston islom sivilizasiyasi markazi qurilishiga ramziy tamal toshi qo‘yilgan edi.  O‘tgan vaqt davomida bu yerda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Inshoot yerto‘lasi va devorlari qurildi, ayni paytda tom qismi konstruksiyalari montaj qilinmoqda.  

Davlat rahbari qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi, binoning ichki va tashqi ko‘rinishi, gumbaz ranglari yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.

- Bu markaz orqali ilm, ma’rifat, madaniyat rivojiga millatimiz qo‘shgan hissani muhrlab qo‘ymoqchimiz, bu ulug‘ merosni xalqimizga, yoshlarimizga yetkazmoqchimiz. Islom sivilizasiyasi markazi shu yo‘nalishdagi ilmiy muassasalar uchun fundamental baza bo‘lishi lozim. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi o‘quv ishlari bu markaz bilan hamohang bo‘lishi, talabalar yuqori kurslarni shu yerda o‘qib, o‘qituvchilar malaka oshirishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qariyb 10 gektarni egallagan muassasa ilmiy-ma’rifiy markaz bo‘ladi. Bino yerto‘lasida muzey ombori, qadimiy qo‘lyozma va osori-atiqalarni restavrasiya qilish xonalari bo‘ladi. Birinchi qavatda kutubxona, anjumanlar zali, ajdodlarimizning ilm-fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi va me’morlik an’analariga bag‘ishlangan ko‘rgazma zallari joylashadi. Markaziy foyega Usmon Qur’oni qo‘yiladi. Ikkinchi qavatdan axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar va boshqa xonalar o‘rin oladi. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!