MIB: «Qarzingiz bo‘lsa noxush vaziyatga tayyor turing...»

MIB: «Qarzingiz bo‘lsa noxush vaziyatga tayyor turing...»

MTRK telekanallarida har kuni ko‘rayotganimiz bir aqlli reklamaga kuyib ketyapti odam.

Chetga ish bilanmi, boshqa birorta yumush bilanmi ketayotgan bir bechorani e yo‘q, be yo‘q, shart to‘xtatib, qarzing bor, to‘lab qo‘y, deb shunchalar ovora qilishadiki... MIB desa labiga uchuq chiqadigan bo‘ladi.

Agar qarzlaringiz bo‘lsa, noxush vaziyatlarga tayyor turing, o‘zingizga muammo tug‘dirmang , deya dag‘dag‘a qiladi.

Biz oxirgi ikki yarim yilda Prezidentimiz aytganidek, oddiy odamlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yo‘lidan ketyapmiz. Xalqaro aeroportda esa qarzi borni sarson qilish bilan ovoramiz.

Bilibmi-bilmaymi shunday holatga tushib qolgan kishini oyog‘i kuygan tovuqday yugurtirmasdan, aeroportning o‘zida bitta bank kassasini ochish bo‘yicha fikr, nahot Majburiy ijro byurosi rahbariyatining, loaqal jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining kallasiga kelmagan bo‘lsa. Yoki qo‘rqituv, qutqu solish kabi g‘oyalarni reklamada aks ettirishdan qandaydir lazzatu rohat bormi?

Aholining ushbu byuroga e’tirozi juda ko‘p va xo‘p bo‘layotgani yashiradigan gap emas. Ijtimoiy tarmoqlar MIB ustidan arzu holu shikoyatga to‘lib ketgan.

To‘g‘ri, hech kim kommunal va boshqa to‘lovlardan qarzdor bo‘lib qolish uchun yashaymadi. Ammo iqtisodiy asoslarga ko‘ra, ularni qip-qizil jinoyatchiga chiqarishdan ham mantiq yo‘q. Byuro qancha ko‘p pul tushirsa, hisobiga tushadigan foizidan shuncha ko‘p foyda oladi. Demakki, bu yerda bir tamoyil nima qilib bo‘lsa ham ko‘proq undir va tushir tamoyili ustuvor bo‘lib qolaveradi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida to‘lovlar uchun bu kabi jazolash tizimini o‘zgarish vaqti yetdi. Chunki chiroqni bir oyda 50 marta o‘chirgani uchun elektr tarmoqlari korxonasiga yoki gaz bosimini kamaytirib yuborgani sababli gaz idorasiga hech kim jarima solmaydi. Chiqindi-ku alohida masala.

Ya’ni, ular bilan shartnoma tuzgan mijoz manfaatlari uchun jarima to‘lamaydi, hatto bir og‘iz kechirim ham so‘ramaydi. Ammo to‘lovni bir kun kechirtirsangiz, MIB sizni shubhasiz jazolaydi.

Biz yangi O‘zbekiston tarixida MIB misolida misli ko‘rilmagan voqelik prokuraturaning qonuniy tijoriylashuvi jarayonini boshimizdan kechiryapmiz. Qolaversa, kechiktirilgan kommunal to‘lovlar bo‘yicha kechiktirilgan qarz ishining MIB kabi prokuratura tizimi xodimlari tomonidan ko‘rilayotgani fuqarolarga qo‘shimcha psixologik bosim bo‘ladi. Kommunal to‘lovlarni undirish borasida MIB vazifasi majburiyat emas, aslida xizmatdir.

O‘zi avval boshdanoq bu tashkilotning prokuratura tizimida bo‘lishi turli bahslarga sabab bo‘layotgan edi. Davlatning jazolovchi mexanizmiga aylanib qolishi, albatta, uning obro‘sini tushiradi.

MIB hech shubhasiz, Adliya vazirligi huzurida yoki alohida mustaqil tashkilot sifatida hech bo‘lmaganida, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi qoshida tashkil etilishi kerak edi. Yoki bo‘lmasa, anchadan beri odamlarning og‘irini yengil qilish, muomala va xizmat ko‘rsatish borasida ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgan Yagona davlat xizmatlari agentligiga o‘tkazib berilsa ham bo‘ladi.

Asosiy maqsad kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tomonlarning bir-biriga nisbatan hurmat va mas’uliyat hissini shakllantirish, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan undiruvchi borda deya boqimandalik kayfiyatiga berilmasdan, o‘z servis xizmatlarining yaxshilanishiga qaratilishi kerak. Hamonki, undiruv amaliyotida chuqur muammo bor ekan, uning zamonaviy va odamlarni bezdirmaydigan shakllarini o‘ylab topish zarur va shart.

Aliment masalasi ham anchayin bahsli. Bu o‘rinda, sud qarori chiqqan, nima qilib bo‘lsa-da ijro etamiz-da, degan oqlovchi qarashdan qutulish zarur. Masalan, Qashqadaryo viloyat ma’muriy sudlari tomonidan 2018 yil davomida aliment bilan bog‘liq, ya’ni voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagani uchun 213 ta holatda 235 nafar shaxsga nisbatan ish ko‘rilgan. Bu bir viloyatdagi ko‘rsatkich. Respublika bo‘yicha buni 14 ga ko‘paytirasiz. Hisobi chiqadi.

Va barcha huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangani haqida xabar OAVga bo‘ylab keng tarqatildi. Aliment to‘lamagani uchun otasi qamab qo‘yilgan bolaning ham bir fikrini so‘rash kerakdir. Endi har yili ajralayotganlar soni 30 mingdan oshayotgan bo‘lsa, tabiiyki, aliment to‘lash bo‘yicha ham muammolar ortaveradi. Sudlanganlik holati soni misli ko‘rilmagan darajada ortib ketmaydimi?

Avvalroq uyidan televizor va boshqa buyumlarni olib chiqayotgan MIB xodimi aks etgan reklamani ko‘raverdik, ulardan qo‘rqmay qo‘ydik. Endi esa dag‘dag‘a ufurib turgan yangisi paydo bo‘ldi. MIBning tashkiliy shaklu shamoyilini qayta bir tanqidiy ko‘zdan kechirish vaqti yetmadimikan?

A.Tursun,
jurnalist

Manba: xabar.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!