Margaret Tetcher aslida kim?

Margaret Tetcher aslida kim?

Margaret Tetcher – afsonaga aylangan ayol. U ayollarning siyosatda tutgan o‘rni haqidagi doimiy tushunchani butkul o‘zgartirib yubordi. Tetcher xonim Bosh vazir lavozimini 11 yil davomida egallab turdi. Bu Buyuk Britaniya va boshqa bir qancha mamlakatlar uchun rekord ko‘rsatkichdir.

Margaret Tetcher nozik hilqat vakillari nafaqat oilani egallashlari mumkinligini, balki onalik, bekalik vazifalarini karyera bilan o‘zaro muvofiqlashtirishni uddalay olishlarini barchaga isbotlab berdi. U umrining oxirgi kunlariga qadar turmush o‘rtog‘i bilan bir tanu bir jon bo‘lib hayot kechirdi. Ikki nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi.

Margaret Tetcher, shuningdek, dunyo mamlakatlari birinchi xonimlarining garderoblari va dunyo dizaynerlari kolleksiyalarida hozirgacha bot-bot ko‘zga tashlanuvchi bashang uslub asoschisi hamdir. Mazkur uslubdagi eng mashhur detallar - kostyum-yubka (e’tibor bering, shim emas!), hashamdor marvarid va to‘g‘nog‘ich, ko‘krak qismiga bog‘lanadigan band bilan uyg‘unlashtirilgan ipak bluza, shlyapa, odmi va silliq teridan ishlangan ortiqcha bezaklarsiz sumkalar barchaga tanish.

“Temir xonim” e’tirofi faqatgina uning shaxsiy va siyosatchi sifatidagi hislatlarini emas, “xonim” so‘ziga urg‘u berib turuvchi uslubni ham aks ettiradi. U ayollar huquqlari uchun tinmay kurashdi va bu borada muayyan natijalarga ham erishdi. Margaret Tetcher har qanday vaziyatda ham viqor, mag‘rurligini saqlab qola olgan buyuk siyosatchi va haqiqiy xonim edi.

“Temir xonim”ning quyida keltirilgan mashhur iboralari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas!

* Kuchli va irodali bo‘ling, haqiqiy xonim, aslida, shunday bo‘ladi. Agar bu tushuncha sizga begona bo‘lsa, demak, siz o‘zga toifaga mansubsiz.

* Bizning 90 foiz tashvishlarimiz hech qachon amalga oshmaydigan masalalar xususida bo‘ladi.

* Suhbatdoshingiz bilan til topishish uchun uning har bir gapiga qo‘shilishingiz shart emas.

* Menga omad kulib boqdi, demayman. Zero, barchasiga o‘z kuchim bilan erishdim.

* Agar natija men istagandek bo‘lsa, haddan ziyod sabrli bo‘lishga ham tayyorman.

* Tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi.

* Uy ayol kishi uchun chegara emas, markaz bo‘lishi lozim.

* Pastkash insonlar buyuklarni muhokama qilib rohatlanadilar.

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!