"Ma’nosi — xunuk": Oloy bozorining nomini o‘zgartirish kerakmi?

"Ma’nosi — xunuk": Oloy bozorining nomini o‘zgartirish kerakmi?

Keyingi paytlarda bir qator internet saytlarida poytaxtimizdagi eski maskanlardan biri Oloy bozori nomini o‘zgartirish taklifi berildi. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy veb-sahifasida chop etilgan Oloy bulg‘atuvchi ekan. Bozorning nomini o‘zgartirish taklif qilinmoqda sarlavhali maqola ko‘pchilikning bahs-munoazarasiga sabab bo‘ldi.

Maqola muallifining aytishicha, oloy so‘zi arab yoki fors tilidan olinmagan. Aksincha, asli turkiy so‘z bo‘lib, bulg‘atuvchi degan ma’noni anglatadi va omonimlar guruhiga kirmaydi.Xalqimiz nutqida uchraydigan may oloy (ya’ni may yuqqan) va chehra oloy (ya’ni qallob) kabi iboralar bunga isbot bo‘la oladi. Endi bir o‘ylab ko‘ring, poytaxtimizdagi nufuzli bozorni nahotki shunday nom bilan atash mumkin bo‘lsa?

Avvalo, har bir taklif, har bir fikr hurmatga loyiq. Ushbu maqola uallifining fikrlarini ham hurmat qilgan holda, ayrim mulohazalarni bayon qilsak.

Avvalo Hazrat Navoiyning qaysi asarlarida bu so‘z shu taxlit ishlatilgani misol tariqasida keltirib o‘tilganda, yaxshi bo‘lardi. Biz Navoiy asarlaridan bu mazmundagiso‘zni izlab topolmadik. Qolaversa, bozor nomi aynan bulg‘atuvchi so‘zidan olingani hali isbot etilishi lozim.

Uchinchidan, bozor tarixidan xabardor odamlarning aytishicha, uning nomi hozirgi Qirg‘iziston hududidagi Oloy (Alay) vodiysi nomi bilan bog‘liq. (Ma’lumki, ko‘pgina turkiy tillardagi a tovushi ishtirok etgan so‘zlar o‘zbek tili o tovushi bilan ifodalanadi.)

Bugungi kunda qo‘shni yurtda Oloy tog‘i, Oloy tumani mavjud. Rossiyaning Saratov viloyatida ham shu nom bilan ataluvchi qishloq va daryo bor.

Manas ensiklopediyasi da Oloy qadimgi qirg‘izlar yashab kelgan tarixiy makon sifatida tilga olinadi. Qirg‘izistonning ko‘hna vodiylaridan birining nomi ham Oloy deb nomlanadi. XIX asrning70-80 yillarida Qo‘qon xonligi hududiga Oloy viloyatining hokimi Qurmonjon Dodxo ham Oloy malikasi nomi bilan mashhur bo‘lgan, 1876 yilda Po‘latxon boshchiligidagi isyonchilarga qo‘shilgan Qurmonjon dodho rus sarkardasi M.D. Skobelev qo‘shiniga kuchli zarba bergan, biroq, keyinchalik xoinlik natijasida mag‘lubiyatga uchragan. Odamlarining ayrimlari asirga tushgan, ayrimlari turli tomonlarga qochishga majbur bo‘lgan. Shularning bir qismi hozirgi Toshkentning Oloy bozori hududidan manzil topgan va savdo-sotiq bilan shug‘ullanishgan. Keyinchalik ular shu yerda Oloy bozori vujudga kelgan.

1928 yildan Oloy bozori nomi bilan rasmiy ravishda bozorga asos solingan va keyingi mustaqillik yillarida zamonaviy bozor tariqasida qayta qurilgan.

Zamonaviy turk tilida oloy (alay) so‘zining o‘ndan ortiq ma’nosi bo‘lib, asosan to‘plam, jamoa, guruh ma’nolarida ishlatiladi. Harbiy istilohda polk ma’nosida ham ishlatiladi. Shunday ekan, Oloy degani bulg‘atuvchi ekan, nomini o‘zgartiraylik deyish unchalik to‘g‘ri emas.

Boringki, ming bir ehtimol bilan, Oloy nomi muallif aytgandek, bulg‘atuvchi ma’nosini bergan taqdirda ham, uni o‘zgartirishga shoshilmaslik lozim. Zotan, mamlakatimizda undan besh battar ma’nolarni anglatadigan joy nomlari ham yo‘q emas. Axir o‘tmishda ajdodlarimiz biror joyga nom berishda bugungi uning siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy-estetik tomonlarini hisobga olib o‘tirmaganlar. O‘zlari uchun qulay, eslab qolish oson bo‘lgan nomlar bilan atab ketaverishgan.

Bordi-yu, bozor nomi o‘zgargan taqdirda ham, bu odamlar uchun qanchalik noqulaylik tug‘dirishi, ortiqcha ovoragarchilik, rasmiyatchilik, hujjatbozlikni keltirib chiqarishi mumkinligini bir ko‘z oldimizga keltiraylik. Birgina metro bekatlari nomlaridagi o‘zgarishlar hali-hamon har kuni o‘nlab yo‘lovchilar, (ayniqsa poytaxt mehmonlari va keksa yoshlilar)ni chalg‘itishini ko‘pchilik bilsa kerak.

Xullas, Oloy bozori ning nomi aslidagidek qolgani tuzuk.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!