Lo‘li bolalarini huquqiy himoyalash masalasi Parlament komissiyasida ko‘rib chiqildi

Lo‘li bolalarini huquqiy himoyalash masalasi Parlament komissiyasida ko‘rib chiqildi

Inson huquqlari sohasida O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasida "Irqiy kamsitishlarning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risida"gi xalqaro konvensiyani bajarish bo‘yicha milliy harakatlar rejasi yuzasidan Bosh prokuraturaning axboroti eshitildi.

Mazkur milliy harakatlar rejasining 12 ta tadbirida Bosh prokuratura ijrochilar qatorida nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra etnik guruhlarning huquqlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillar muntazam tahlil qilinmoqda.

Jumladan, "Ta’lim to‘g‘risida"gi Qonun bilan jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har kimga ta’lim olish uchun teng huquqlar kafolatlanishi belgilangan.

Respublikada 2020 yil yakuni bo‘yicha 28 mingdan ortiq lo‘li bolalari qayd etilgan bo‘lib, ularning 15 ming nafari uy, 428 nafari maktabgacha ta’lim tarbiyasida, 12 ming nafari maktablarda, 98 nafari kollej va liseylarda ta’lim olayotganlar hisobiga to‘g‘ri keladi. 2018 yilda 1 200 dan, 2019 yilda 1 400 dan va 2020 yilda 1 800 dan ortiq lo‘li bolalariga ijtimoiy yordam berilgan.

Qayd etilgan etnik guruhlar va apatridlar uchun irqiy kamsitishlar sohasida huquqiy himoya masalalari bo‘yicha Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bilan hamkorlikda seminar-treninglar ishlab chiqilgan.

Parlament komissiyasida BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy mulohazalari va tavsiyalarini bajarish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi doirasida Bosh prokuratura tomonidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar ham belgilanib olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!