Koronavirus! Xitoy dunyoni qanday qilib laqillatdi?

Koronavirus! Xitoy dunyoni qanday qilib laqillatdi?

Xitoy koronavirusdan deyarli qutuldi. Ha, deyarli qutuldi. Va ana shu qutulishi aniq ko‘rsatdiki, bu mamlakat boshiga tushgan savdoni keragidan ortiq vahima qilib tarqatdi. Qaysidir ma’noda butun dunyo Xitoyning sun’iy vahimasiga ishondi.

Hammasi oddiy boshlandi. Xitoy prezidenti Uxanda koronavirus tarqalganida shunaqa achinarli ko‘rinishga kirdiki, uning nutqini eshitgan, tashqi ko‘rinishini ko‘rgan odam "Xitoy hali-beri bu ofatdan qutulmaydi", deb o‘ylagandi. "Biz ojizmiz", "Juda katta xavfga yo‘liqdik", qabilidagi fikrlarni bildirgan Szinpin oradan hech qancha o‘tmay mamlakat virusni yengganini aytib turibdi. Ha, ko‘tarilgan vahima, bechorahollik oldida virusni yenggish uchun ketgan muddat arzimas, ishonavering. Oqibatda butun dunyo xitoy xalqiga xayrixoh bo‘ldi.

Xitoy qutuldi. Qutulganida ham moliyaviy foyda oladigan bo‘ldi. Mamlakatdagi chet ellik aksiyadorlar aksiyasini arzon garovga sotib ketdi. Oqibatda davlat o‘zidagi katta foydalarni o‘zida saqlab qoldi. Oddiy qoida: Xitoydagi kompaniyalar chet elliklarning aksiyalari, daromadlari evaziga foyda keltiradigan darajaga chiqdi, foydaning katta qismi o‘z-o‘zidan chetga keta boshladi, Xitoy hukumati esa ayyor siyosat bilan ana shu foydani o‘ziniki qilib oldi. Oddiy va juda samarali taktika.

Endi koronavirus butun dunyoga tarqaldi. Endi butun dunyo Xitoydan yordam so‘rayotgani ham bor gap. Hozir Xitoy xaloskor obrazida. Xitoy Amerika bilan boshlangan savdo urushi bosimidan ham qutuldi. Xitoy aqlli zarba berdi. O‘ylashingiz mumkin, axir koronavirus tufayli Xitoyning o‘zi ham zarar ko‘rdiku deb. Haqsiz. Ammo bugun butun dunyo zarar ko‘ryapti. Eng muhimi, butun dunyoda iqtisodiy inqiroz boshlanay deb turgan bir paytda Xitoyda hayot jonlanyapti.

Bilasizmi, buni nimaga o‘xshatdim. Odamlarni zaharlamoqchi bo‘lgan shaxs voqea ishonchli chiqishi uchun o‘zi ham zahar ichadi, kerak bo‘lsa, hushini yo‘qotadi. Ammo kerak paytda ziddizahar ichishni ham unutmaydi. Tag‘in bilmadim, ammo Xitoy ana shu "shaxs"ga o‘xshab ketdi.

Nizomjon ISLOMOV


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!