Koronavirus! Turkiyalik mutaxassislar O‘zbekistonda

Koronavirus! Turkiyalik mutaxassislar O‘zbekistonda

Yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash jarayonini tashkil qilishda yetakchi mamlakatlarning tajribasini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Turkiya Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida erishilgan kelishuvlarga asosan yurtimizdagi COVID-19ga qarshi kurash markaziy shtabiga koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish bo‘yicha konsultantlari sifatida turk mutaxassislari tashrif buyurdilar. 

Ular orasida Turkiyaning Medipol universiteti ilmiy kengashi a’zosi, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis, professor Rejep Oztyurk, Xasettepe universiteti ilmiy kengashi a’zosi, jamoatchilik salomatligi bo‘yicha mutaxassis, professor Levent Akin va Anqara shahar shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassisi, professor Xatise Raxmet Gyuner bor.

Bugun yurtimiz Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov konsultantlarni qabul qildi va mamlakatimizda  COVID-19ga qarshi olib borilayotgan choralar haqida batafsil gapirib berdi.

Uchrashuv ishtirokchilari yangi koronavirus infeksiyasini profilaktikasi va davolashning amaliy jihatlari, ushbu sohadagi hamkorlikning holati va istiqbollarini muhokama qilishdi. Tadbirda sog‘liqni saqlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning tafsilotlari ham muhokama qilindi.

Turkiya mutaxassislari bilan sog‘liqni saqlash sohasida keng hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Bunda ta’lim sohasidan tortib, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi tajriba almashuv, murakkab jarrohlik amaliyotlarini birgalikda o‘tkazish, tibbiy jihozlar bilan ta’minlashgacha  yo‘nalishlar qamrab olingan.

Tomonlar turli yoshdagi bemorlarda COVID-19 kasalligi, yangi turdagi koronavirus infeksiyasining xarakterli belgilari, ushbu kasallikning o‘ziga xos belgilari, diagnostika usullari, davolash protokollari, sog‘aygan bemorlarni kuzatish va boshqa mavzularni muhokama qildilar. Reanimasiya bo‘limlarida o‘ta og‘ir bemorlarni davolashning so‘nggi usullariga alohida e’tibor qaratilayotgani aytildi.

COVID-19 global muammosining inqirozli ko‘rinishlarini oldini olish va bartaraf etish, shuningdek, oldingi saflarda xizmat qilayotgan tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish hamda kasalligi gumonlanganlarni karantinga olish va bemorlarni davolash tadbirlari butunlay davlat tomonidan qoplanishi bo‘yicha O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Turkiya vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif davomida turk mutaxassislari tibbiyot muassasalari, jumladan birlamchi tibbiyot muassasalari va Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilgan ko‘p tarmoqli maxsus shifoxona ish faoliyati, kasallangan bemorlarni davolash bayonlari, yurtimizda koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq bo‘lgan epidemiologik vaziyatni batafsil o‘rganib chiqadilar, ilmiy-amaliy tadbirlarda ishtirok etadilar hamda yurtimizning turli hududlarida davolanayotgan ahvoli o‘ta og‘ir bemorlarning holatini yaxshilash maqsadida onlayn videokonferensiyalar o‘tkazadilar. 

Shuningdek, Turkiya Respublikasining COVID-19ga qarshi kurashda ijobiy tajribalarini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyati ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus infeksiyasiga chalingan ahvoli og‘ir bemorlar holati, ularni davolash jarayonini tahlil qilish va kerakli o‘zgartirishlarni kiritish maqsadida xorijlik va mahalliy mutaxassislar va olimlar ishtirokida videokonferensiyalar muntazam tashkil etilmoqda. 

Ayni paytda Germaniyaning yetakchi tibbiyot mutaxassislaridan bo‘lmish professor Verner Ber ham mamlakatimizdagi COVID-19ga qarshi kurash markaziy shtabida koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish bo‘yicha konsultant sifatida bo‘lib turibdi. U mamlakatimizning turli hududlarida ahvoli og‘ir bemorlarni samarali davolash bo‘yicha zarur tavsiyalarini bermoqda, natijada davo-muolajalarini korreksiya qilishga erishilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!