Kitob tumani hokimi aholiga: "Hokimiyat binosida ham elektr yo‘q"

Kitob tumani hokimi aholiga: "Hokimiyat binosida ham elektr yo‘q"

Kitob tumani hokimi Alisher Zokirov aholining elektr borasidagi murojaatlariga javob qaytardi.

"Assalomu alaykum!
Qadrli tumandoshlar!
Mana bir necha kundan buyon tumanimizda elektr ta’minoti masalasida uzilishlar bo‘lyapti.Ayni kunlarda ob-havoning qattiq sovub borayotganligi elektr energiyasiga bo‘lgan talabni yanada oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Tabiiyki,bunday paytda e’tirozlar va murojaatlar ko‘payadi.
Ta’minotdagi uzilishlar sabablari aytilganda hammasi xuddi bahonadek taassurot qoldirishi tayin.

Aziz tumandoshlar! 
Mavjud vaziyat masalaga ochiq ko‘z bilan qarashni taqozo etadi.
Ya’ni, bu tuman hokimligi darajasida hal bo‘ladigan muammo emas.
Bu muammoni bartaraf etish yuzasidan tuman hokimligi nomidan yuqori turuvchi Respublika tashkilotlariga,xususan,Energetika vazirligi,ta’minotchi soha rahbariyatiga bir necha bor  rasman aloqaga chiqib,ahvolni yaxshilash to‘g‘risida talablar qo‘ymoqdamiz.
Hozirgina Energetika vazirligi Matbuot xizmati elektr uzilishlari yuzasidan bayonot berdi. 

Markaziy Osiyo va Qozog‘istonni bog‘lovchi yagona energetik tizimining elektr uzatish tarmoqlarida rejadan tashqari sodir bo‘lgan uzilishlar sabali avariyaga qarshi avtomatika ishlagan.

Energetik qurilmalarga shikast yetmaslik uchun uskunaning texnologik himoyasi avtomatik ravishda ishlagan va ayrim  elektr stansiyalardagi energobloklar o‘chirilgan.

Xususan:
To‘raqo‘rg‘on IESda quvvati 750 MVt dan 500 MVt gacha,
Taxiatosh IESda 280 MVt dan 150 MVt gacha,
Navoiy IESda 450 MVt dan 230 MVt gacha,
Toshkent IESda 370 MVt dan 180 MVt gacha quvvat kamaygan,
Shuningdek, Talimarjon IESning umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan ikkita BGQlari ham o‘chirilgan.

 Buning natijasida respublikamizning bir qancha tumanlarida avtomatik ravishda cheklovlar kiritildi.

Ayni paytda Talimarjon IESda qurilmalarni ishga tushirish jarayoni amalga oshirilmoqda, qolgan elektr stansiyalarda ish rejimi qayta tiklangan.
Mazkur o‘chish holatning sabablari o‘rganilmoqda.

“Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJning bergan ma’lumotiga ko‘ra, Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasidagi har birining quvvati 900 MVt bo‘lgan ikkita energoblokni to‘xtaganligi sababli viloyatimizning ayrim hududlari qisman,
Qamashi, Yakkabog‘, Shahrisabz tumani, Shahrisabz shahri, Kitob tumanlari esa elektr ta’minotidan  to‘liq uzilmoqda.

Tuman  hokimi sifatida shaxsan men ham shu tumanda yashayman. Mavjud holat tufayli hokimiyat binosida ham elektr ta’minoti yo‘q.

Qadrli, tumandoshlar! Otalar, onalar, opa-singillar, aka-ukalar! 
Tumanda chiroq bo‘lmasligidan  tuman rahbariyati uchun hech qanday manfaat yo‘q. Balki, bir muammoimiz, ikkita va undan ko‘pga ortadi.
Biz ahvol o‘nglanishi bo‘yicha harakatimizni bir zum ham to‘xtatmaymiz.
Tez orada hukumat darajasida bu holat bartaraf etilishiga ishonamiz.
O‘ylaymizki, Siz hurmatli fuqarolar,  bu vaqtinchalik qiyinchilik hal etilguniga qadar  vaziyatni tushungan holatda baholab,ichki imkoniyatlardan boricha foydalanishga harakat qilasiz.
Albatta, umid qilamizki, tumanimizda ham elektr  ta’minoti tez orada izga tushadi", dedi u murojaatida.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!