Kecha tunda Toshkent teleminorasi atrofida chindan portlash sodir bo‘lganmidi?

Kecha tunda Toshkent teleminorasi atrofida chindan portlash sodir bo‘lganmidi?

Kecha, 18 avgust kuni soat 23:00 atrofida Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan Toshkent teleminorasi atrofida kuchli ovoz eshitilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bahs munozaralarga sabab bo‘layotgan ushbu voqea kichik portlash bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. “Qalampir.uz” tarqalgan gap-so‘zlarga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan bog‘landi. 

IIBBdagi “Qalampir.uz” manbasining ma’lum qilishicha, ushbu hududda hech qanday portlash ro‘y bermagan. Kuchli shovqinli ovozga kelsak, Amir Temur shoh ko‘chasidan, TATU bo‘ylab Shahidlar xotirasi maydoni tarafga harakatlanib kelayotgan Cobalt avtomobili yo‘ldagi o‘ng muyulish, ya’ni G‘iyos Umarov ko‘chasiga kirishi kerak bo‘lgan. Biroq haydovchi o‘ta mast holatdaligi sabab ko‘chani adashtirgan. G‘iyos Umarov ko‘chasiga kirish o‘rniga, Shahidlar xotirasi maydonidan katta yo‘lga olib chiqadigan zinaga qarab harakatlangan va zinadan pastga qulagan. Shovqinli ovoz shuning natijasida kelib chiqqan. 

Natijada avtomobil shikastlangan, haydovchiga esa jiddiy tan jarohati yetmagan. Voqea joyiga zudlik bilan IIBB xodimlari yetib kelgan. YPX xodimlari dalolatnoma rasmiylashtirgan. 

Toshkent shahar IIBB ushbu hodisa bo‘yicha ortiqcha shov-shuvlarga ishonmaslikka chaqirmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!