Jarqo‘rg‘ondagi mojaroga munosabat: sudya bo‘lish xavflimi?

Jarqo‘rg‘ondagi mojaroga munosabat: sudya bo‘lish xavflimi?

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalarining odob-axloq kodeksiga ko‘ra, sudya ijtimoiy tarmoqlarda, internet-forumlarda va internet tarmog‘idagi boshqa shakldagi muloqotlarda ishtirok etishi mumkin.

So‘nggi kunlarda Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida yuz bergan sudyalar bilan bog‘liq ayanchli voqealarni kuzatib turib, nahot bugungi kunda sudya bo‘lish sharaflik kasbdan ko‘ra, o‘z ehtiyotini qilib yuradigan va boshqa alohida toifadagi shaxslarni nafrati nishoniga aylanayotgan shaxs toifasiga o‘tib qolayapti degan asosli xatarlar paydo bo‘ladi. Albatta, mazkur voqealarga tegishli tartibda baho berilganidan so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabat bildirish imkoni bo‘ladi. Hozircha esa, faqatgina ommaviy axborot vositalarida sizdirilgan ma’lumotlar asosida mazkur holatga dunyoqarashimiz doirasida baho berib ko‘ramiz.

Sudya kim? Qonunga ko‘ra odil sudlovni amalga oshiradigan mansabdor shaxs. Uning ushbu faoliyatdagi majburiyatlari, vazifalari va vakolatlari qonun hujjatlari bilan kengroq tartibga solib berilgan. Xalqni orasida esa, sudya bu eng avvalo oqni oq, qorani qora deydigan, qo‘liga topshirilgan ishni faqat qonunga asosan, hissiyotlarga berilmagan va boshqa shaxslarning “qosh-ko‘zlariga” qaramay hal qiladigan adolatli, insofli shaxs gavdalanadi. Har xolda shunday shaxsni ko‘rishni istaydi oddiy odamlar. Ochig‘ini aytish kerak, sudyani shaxsi jamiyatda o‘ziga xos tarzda ko‘tarib qo‘yilgan. Nima maqsadda? Sudya ham mansabdor, ham oddiy shaxs sifatida mustaqil bo‘lsa, uning mustaqilligi kafolatlansa, undan shundagina adolatni talab qilish mumkin bo‘ladi. Sudyani mustaqilligi va shaxsi daxlsizligini kafolatlamay turib undan qonuniy, asosli va adolatli qarorlarni qabul qilishni talab qilish mantiqsiz va imkonsiz. Shunday ekan, har qanday davlat, fuqarolik jamiyatiga asoslangan demokratik mamlakatni yaratmoqchi ekan sud-huquq sohasidagi islohotlarni eng avvalo sudlarni mustaqil qilishdan boshlaydi. Bu rad etib bo‘lmas qoidaga aylangan.

Qonunchiligimizda sudyalarning mustaqilligi kafolatlarini ta’minlash mezonlari belgilab berilgan. Xususan, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, sudyalarning mustaqilligi ularni qonunda belgilangan tartibda sudyalikka saylash, tayinlash va sudyalikdan ozod qilish, ularning daxlsizligi, odil sudlovni amalga oshirishdagi qat’iy taomil, qaror chiqarish chog‘ida sudyalar maslahatining sir tutilishi va uni oshkor qilishni talab etishning taqiqlanishi, sudga hurmatsizlik yoki muayyan ishlarni hal qilishga aralashganlik, sudyalar daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik hamda sudyaga davlat hisobidan uning yuksak maqomiga munosib moddiy va ijtimoiy ta’minot berish orqali ta’minlanadi.

  • Sudyaning shaxsi daxlsizdir.
  • Sudyaning daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transporti va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqlidir.
  • Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
  • Sudya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.
  • Sudya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
  • Sudyaning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ularni ko‘zdan kechirish, ularda tintuv o‘tkazish yoki ulardan ashyoni olish, telefondagi so‘zlashuvlarini eshitish, sudyani shaxsan ko‘zdan kechirish va uni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek uning xat-xabarlarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish, olib qo‘yish yoki olishga faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining, viloyat, Toshkent shahar prokurorining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining ruxsati yoki sudning qarori bilan yo‘l qo‘yiladi.

Yuqoridagilardan ko‘rishimiz mumkinki, Qonun sudyalarni mustaqilligini kafolatlash uchun barcha imkoniyatlarni va imtiyozlarni bergan. O‘zbekistonning eng chekka qismidagi tumanda ishlayotgan sudya va viloyatdagi sudga raislik qilayotgan sudyaning maqomi bir xil. Ularning daxlsizligi ham bir xil. Bu daxlsizlikni buzishga esa hech kimning xaqqi yo‘q, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, qonun shuni kafolatlagan.

Shunday ekan, har qanday mansabdor shaxs yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari sudyani biror bir huquqbuzarlik yoki ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgani yoxud sodir etayotgani, xuddi shuningdek qonunga bo‘ysunmasligi holati yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabat bildira olmaydi, munosabatga kirisha olmaydi, toki yuqoridagi jarayonlardan o‘tmas ekan. Unga nisbatan jismoniy kuch ishlatish yoki boshqacha tarzda ta’sir o‘tkazish esa favqulodda holat deb topilishi lozim.

Bo‘lib o‘tgan voqealarni kuzatib turib, yuqoridagi qonun normalarida belgilangan qoida va tartiblarni ochiqchasiga bajarmagan yoki bajarishni istamagan yoxud bu qoidalar borligini amalda bilmagan shaxslarni eng avvalo saviyasi qanday darajada bo‘lganini ko‘rsatadi. Zero, sudyani daxlsiz ekanligi va uni obro‘sini har qanaqa holatda saqlab yurish lozimligi qonundan xabari bo‘lmagan shaxs uchun ham yangilik emas.

Maqsadimiz qonunlarni moneliksiz bajarilishiga asoslangan huquqiy demokratik davlatni qurish ekan, bunga sud tizimini mustaqil va sudyalarni daxlsiz qilmasdan erisha olmaymiz. Bu qoidani buzganlarga esa javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanishi shart.  

Sudyaning daxlsizligi sudya uchun qadriyat, boshqalar uchun noqonuniy tarzda buzib bo‘lmas qo‘rg‘on bo‘lishi kerak. Bu qadriyatni o‘rnatishda sudyalar bir bo‘lishimiz va qonun ustivorligini ta’minlashda birgalikda harakat qilishimiz shart.

A. Akramov,

Toshloq tuman ma’muriy sudining raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!