Islom Karimovning amalga oshmagan rejalari

Islom Karimovning amalga oshmagan rejalari

Besh yil oldin BiBiSi va Amerika ovozi radiolaridagi suhbatlarda “O‘zbekistondagi siyosiy tizimning tabiati, Karimovdan keyin kim kelishiga va asosiysi, qanday kelishiga bog‘liq” degan edim. 

Karimovning hokimiyat almashinuvi borasidagi rejalari, tabiiyki, mutlaq boshqacha edi. Agar u tirik bo‘lganida, navbatdagi Prezidentlik saylovlari shu yili, ya’ni, 2020 yilning mart oyida – kelasi oyda bo‘lishi kerak edi. Bu paytda, uning yoshi 82 da bo‘lardi. Agar u tirik bo‘lganida, shu paytgacha o‘zining o‘rindoshi borasida aniq rejalar qilgan bo‘lar edi. Lekin, Allohning irodasi – hammasi boshqacha bo‘ldi.

O‘ylaymanki, agar Karimov to‘satdan o‘lmaganida o‘zidan keyin shaxs emas, komanda qoldirar edi. Ya’ni, hech kimda Karimov belgilagan kursdan og‘ishuv imkoniyati bo‘lmas edi. 2020 yilga qadar u Gulnora Karimovani “jazolab, oqlab, reabilitasiya qilishga” ulgurgan bo‘lar edi. O‘ziga kimni o‘rindosh sifatida tanlagan bo‘lmasin, o‘sha tanlangan shaxs atrofida ko‘pchilikdan iborat komandani har xil mansablarga tayinlab, yangi Prezidentni erkin harakatlanish va rejim tabiatini o‘zgartirish imkoniyatlarini mutlaq zaiflashtirib tashlagan bo‘lar edi.

Aytaylik, u o‘ziga o‘rindosh sifatida Mirziyoyevni tanladi yoki Azimovni. Lekin, Gulnora Karimovaga katta davlat lavozimi berar, va uning qudratini alohida kuchaytirgan bo‘lardi. Karimov tirik bo‘lganida bugun Nazarboyev qilayotgan ishlarni ancha ko‘pol ko‘rinishda, qattiq ohanglarda qilish ehtimoli yuqori edi.

Yangi Prezidentni tiyib turish uchun kuch ishlatar tizimlarini oldingidan ko‘ra yanada kuchaytirgan bo‘lardi. Agar Karimov tirik bo‘lib, O‘zbekistonda hokimiyat almashinuvi uning nazoratida kechganida edi, bugungi qilingan ishlarni, asosiysi, e’lon qilingan islohotlar siyosatidan nom-nishon ham bo‘lmasdi. Karimovning to‘satdan olamdan o‘tishi – yangi hokimiyatga harakatlanish erkinligini berdi.

Lekin, shunday bo‘lsada, bugungi yangi hokimiyat ham katta bosim ostida. Chunki, yangi Prezident ham eski komandaning bosimini juda yaxshi his qilib turibdi. Umuman, yangi hokimiyat ichki siyosatda ikki tomonlama bosim ostida. Jamiyat islohotlarni jadallashtirishni, uni hech qanday shartlarsiz, tezlashtirishni, samarasini tezroq ko‘rishni istaydi. Qudratli amaldorlar esa, eski konsensusni – kuch ishlatish, repressiyalar orqali vaziyatni nazorat qilishni yagona to‘g‘ri yo‘l deb hisoblaydi. Prezident esa, bir vaqtning o‘zida ikki tomon bilan ham murosa qilishga, o‘rtada muvozanat topishga, demakki, ikki tomonni ham qisman norozi qilishga majbur.

 

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!