G‘ofur Rahimov Xalqaro olimpiya qo‘mitasining iste’foga chiqish talabini rad etdi

G‘ofur Rahimov Xalqaro olimpiya qo‘mitasining iste’foga chiqish talabini rad etdi

Xalqaro boks assosiasiyasi (AIBA) prezidenti vazifasini bajaruvchi G‘ofur Rahimov tashkilot rahbari sifatida amalda qolishi boksning Olimpiada o‘yinlari dasturidan chiqarilishiga sabab bo‘lishi to‘g‘risidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

AIBA rasmiy saytida 17 sentyabr kuni G‘ofur Rahimov nomidan e’lon qilingan murojaatda bu xabarlar Xalqaro olimpiya qo‘mitasining bosimi sifatida sharhlanadi. G‘ofur Rahimov AIBA a’zolarini bunday fitnalarga e’tibor bermaslikka chaqirdi.

16 sentyabrda Inside the games portalida Xalqaro olimpiya qo‘mitasining etika va talablarga rioya qilish masalalari bo‘yicha direktori Pakerett Jirar Zapellining G‘ofur Rahimovga murojaati e’lon qilingan edi. Murojaatda Zapelli G‘ofur Rahimovni AIBA prezidenti lavozimidan iste’fo berishga va o‘z nomzodini bir necha oydan so‘ng o‘tadigan saylovda tashkilot prezidentligiga ko‘rsatmaslikka chaqirgan.

Zapellining yozishicha, G‘ofur Rahimov iste’fo bermasa, Tokioda 2020 yilda o‘tadigan Olimpiadada boks o‘yinlar dasturidan chiqarilishi mumkin.

Rahimov AIBA rasmiy saytida e’lon qilingan murojaatda:” AIBAning bo‘lajak saylovdagi prinsiplari o‘ta aniqdir: saylov komissiyasi talablariga to‘g‘ri keladigan rasmiy nomzodlar ro‘yxati kongressga bir oy qolganida-3 oktyabrda e’lon qilinadi. Men AIBAning barcha a’zolarini, tashkilotimizga mansub bo‘lganlarni qoidalarimizni hurmat qilishga va belgilangan kunni kutib turishga, rahbar lavozimlarga nomzodlar ko‘rsatilishini sharhlamay turishga chaqiraman”, deb ta’kidladi.

G‘ofur Rahimov o‘z murojaatida AIBA a’zolari “elektron maktublar, yangliklar va sport saytlarida tarqatilayotgan turli mish-mishlar ta’siriga tushib qolmasligiga” umid bildirdi.

Ma’umot uchun, AIBA prezidentligiga saylov 3 noyabr kuni tashkilotning Moskvada o‘tadigan kongressi doirasida bo‘lib o‘tadi.

Manba: sof.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!